
RedMagic 12 Pro+ smartfonining yangi sovitish tizimi namoyish etildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu RGB yoritgichli suvli sovitish tizimiga ega ilk smartfon bo‘ladi.
RedMagic Gaming Phones bosh menejeri Jiang Chao qurilmaning yangilangan sovitish tizimi qanday ishlashini tushuntirdi. Smartfon Xitoyda 15-oktabr kuni taqdim etiladi, oldindan buyurtmalar esa allaqachon boshlangan.
Sovitish maydoni kattalashtirildi
RedMagic 11 Pro+ bilan taqqoslaganda, yangi modelda suvli sovitish maydoni kattalashtirilgan va suyuqlik oqimi kanallari qalinlashtirilgan.
Tizim ikki halqali sxemaga ega bo‘lib, smartfondagi asosiy issiqlik manbalarini qamrab oladi.
Sovituvchi suyuqlik mikro-nasosdan chiqib, ikki yo‘nalishga bo‘linadi. Yuqori yo‘nalish chip ustidan, pastki yo‘nalish esa batareya ustidan o‘tadi. Keyin ikkala oqim yana birlashib, nasosga qaytadi.
Havo va suvli sovitish birga ishlaydi
Sovitish kanallari ventilyator ishlaydigan havo oqimi hududigacha davom etadi. Shu tariqa RedMagic 12 Pro+ da suvli sovitish va faol havo sovitish birgalikda ishlaydi.
Qalinroq kanallar suyuqlikni aylantirish uchun ko‘proq quvvat talab qilgani sababli, kompaniya yangi ikki kristalli mikro-nasos qo‘llagan.
RedMagic ma’lumotiga ko‘ra, nasos bosimi 100 kPa dan 130 kPa gacha oshirilgan.
RGB yoritish suyuqlik yo‘lini kuzatadi
Sovitish tizimining yana bir jihati – maxsus yorug‘lik yo‘riqchisi.
RGB yoritish suvli sovitish kanali bo‘ylab harakatlanadi. Shu sababli foydalanuvchi orqa shaffof panel orqali nafaqat sovitish halqasini, balki uning bo‘ylab harakatlanayotgan yoritishni ham ko‘rishi mumkin.
Sovituvchi sifatida AI serverlarida qo‘llanadigan ftorlangan suyuqlik ishlatiladi.
Korpus ingichkaroq bo‘ladi
RedMagic yangi modelni «hozirgacha eng qulay RedMagic flagmani» deb atamoqda. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 12 Pro+ avvalgi modelga qaraganda yengilroq, ingichkaroq, torroq va yumaloqroq korpusga ega.
Ekran romi 1,25 mm dan 0,96 mm gacha qisqartirilgan.
8400 mA/soat batareya kutilmoqda
RedMagic 12 Pro+ Snapdragon 8 Elite Extreme Gen 6 protsessorida ishlashi tasdiqlangan. Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 8400 mA/soat batareya, 120 Vt simli va 80 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Biroq batareya va quvvatlash bo‘yicha bu ma’lumotlar hozircha kompaniya tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng kuchli Android smartfonlar reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.