
Vivo’ning hali taqdim etilmagan yangi smartfoni Geekbench ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. V2618A model raqamiga ega qurilma Android 17 operatsion tizimida ishlaydi va 16 GB tezkor xotira bilan jihozlangan.
Sinov natijalariga ko‘ra, smartfon bir yadroli testda 3621 ball, ko‘p yadroli testda esa 11 078 ball to‘plagan.
Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipi kutilmoqda
Geekbench yozuvida qurilmaning tizim platasi canoe kod nomi bilan ko‘rsatilgan. Platforma esa Qualcomm SM8850 bo‘lib, u Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipiga mos keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, protsessor sakkiz yadrodan iborat. Oltita yadro 3,63 GHz gacha, ikkita yuqori unumdor yadro esa 4,61 GHz gacha chastotada ishlaydi.
Hindistonda iQOO 16R nomi bilan chiqishi mumkin
Insayder Abhishek Yadavning ma’lum qilishicha, kompaniya Snapdragon 8 Elite Gen 5 asosidagi ikkita qurilma ustida ishlamoqda.
Ulardan biri PD2618 raqamli smartfon, ikkinchisi esa DPD2653 raqamli planshetdir.
Manbaga ko‘ra, V2618A’ning Xitoy versiyasi Hindiston bozorida iQOO 16R nomi bilan sotuvga chiqishi mumkin.
O‘yin imkoniyatlari ham kengaytiriladi
Yangi qurilmalarga iQOO 16 va iQOO Pad Ultra’da qo‘llangan ayrim o‘yin funksiyalari o‘rnatilishi kutilmoqda.
Ular orasida Delta Force o‘yinida Vulkan orqali soyalarni yaxshilangan qayta ishlash hamda Infinity Nikki uchun optimallashtirish bor.
Hozircha Vivo yangi smartfonning texnik xususiyatlari yoki iQOO 16R nomi bilan chiqishi haqidagi ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Vivo X Fold 6 batareyasi raqiblaridan ortda qolgani haqida yozgan edi.