
JAC va Huawei hamkorligida ishlab chiqilgan Maextro V800 lyuks miniveni Toyota Alphard va Mercedes-Benz V-Class kabi premium minivenlarga raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda.
Salonida charm va kristall bezaklar bor
Yetti o‘rinli salon qimmatbaho charm bilan qoplangan va kristall dekor elementlari bilan bezatilgan.
Avtomobil panoramali shisha tom, suriluvchi parda va «yulduzli osmon» effektiga ega atmosferali yoritish tizimi bilan jihozlangan.
Tashqi dizaynda esa minglab mayda LED elementlardan iborat orqa chiroqlar qo‘llangan. Ular batafsil tasvirlarni ham aks ettira olishi aytilmoqda.
530 ot kuchiga ega ikki elektromotor
Maextro V800 gibrid kuch qurilmasiga ega. 1,5 litrli benzin dvigateli asosan elektr energiyasi ishlab chiqarish va tortish batareyasini quvvatlash uchun ishlatiladi.
G‘ildiraklarni esa jami 530 ot kuchiga ega ikkita elektromotor harakatga keltiradi. Miniven faqat elektr quvvatida 275 kmgacha yura oladi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1 200 km dan oshadi.

Tormoz pedali bo‘yicha muammo ham kuzatilgan
Avvalroq Xitoyda Maextro V800 tormoz pedali bilan bog‘liq muammo sabab e’tiborga tushgan edi. Sinov vaqtida ayrim avtomobillarda pedal kronshteyni shikastlangani qayd etilgan.
Ishlab chiqaruvchi konstruksiyani takomillashtirishini va mavjud avtomobillar uchun bepul yangilanish taklif etishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nissan NX7 avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.