Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarov haqida nima dedi

12-oktabr 2026 09:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Nodirbek Abdusattorov Javohir Sindarov haqida nima dedi
Foto: yuz.uz

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hamyurti Javohir Sindarovni shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri deb hisoblashini aytdi.

Abdusattorovning ta’kidlashicha, Sindarov uzoq vaqt davomida o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olmagan bo‘lsa-da, uning salohiyati juda yuqori.

U hatto mendan ham iste’dodliroq — Abdusattorov

Abdusattorov Sindarovning iste’dodini yuqori baholab, uni shaxmat tarixidagi buyuk nomlar bilan bir qatorda tilga oldi.

«Biz uning salohiyatini yaxshi bilamiz. Javohir nihoyatda iste’dodli, hatto mendan ham iste’dodliroq. 2021 – 2022-yillargacha u shaxmatga unchalik ko‘p vaqt ajratmasdi, boshqa ishlar bilan ham shug‘ullanardi», – dedi Abdusattorov.

Uning fikricha, Sindarov iste’dod jihatidan tarixdagi eng kuchli shaxmatchilardan qolishmaydi.

«Menimcha, u shaxmat tarixidagi eng iste’dodli besh shaxmatchidan biri. Kasparov va boshqa buyuk shaxmatchilar qatorida. Iste’dod jihatidan ulardan aslo qolishmaydi», – dedi grossmeyster.

Sindarovning g‘alabalari Abdusattorovga ham turtki bergan

Abdusattorov o‘z faoliyatida uzoq vaqt Sindarovdan bir qadam oldinda bo‘lganini, biroq keyinchalik vaziyat o‘zgarganini qayd etdi.

U 2022-yilda birinchi bo‘lib 2 700 reyting marrasidan o‘tganini, 2025-yilgacha esa reyting bo‘yicha yetakchi o‘zbekistonlik shaxmatchilar qatorida bo‘lganini esladi.

Biroq «Da’vogarlar turniri»ga chiqa olmagani sabab Sindarov bu borada undan oldinga o‘tgan.

«Ko‘p yillar davomida men Javohirdan bir qadam oldinda edim. Endi esa u mendan o‘zib ketdi va bu marraga birinchi bo‘lib erishdi», – dedi Abdusattorov.

Abdusattorov: U menga ikkinchi nafas berdi

Grossmeyster Sindarovning ketma-ket muvaffaqiyatlari o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham oshirganini ta’kidladi.

«Uning ketma-ket g‘alabalari menga ikkinchi nafas berdi. Javohir buning uddasidan chiqish mumkinligini ko‘rsatdi, yo‘l ochib berdi va o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi. Endi u oldinda, men esa uning ortidan ketyapman», – dedi Abdusattorov.

Abdusattorovning so‘zlari o‘zbekistonlik ikki grossmeyster o‘rtasidagi sport raqobati bir vaqtning o‘zida o‘zaro motivatsiya manbai bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sindarov va Gukesh jahon toji uchun qanday tayyorlanayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek