Ar-Riyod aeroporti 17-oktabrgacha yopiq qoladi

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti husiylarning ketma-ket hujumlaridan keyin kamida 17-oktabrgacha yopiq qoladi. So‘nggi hujumlarda jami 14 kishi halok bo‘lib, 300 dan ortiq odam jarohatlangan.
Hujumlar Saudiya Arabistonidagi aeroportlar va boshqa infratuzilma obyektlariga qarshi amalga oshirilgan. Vaziyat fonida bir qator xalqaro aviakompaniyalar mamlakatga reyslarni vaqtincha to‘xtatdi.
Ar-Riyod aeroportiga ketma-ket hujum qilindi
10-oktabr kuni Qirol Xolid xalqaro aeroportiga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi va 300 dan ortiq odam jarohatlandi. Ertasi kuni aeroportga yana zarba berilib, bir Pokiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi.
Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlarda halok bo‘lganlar soni 14 nafarga yetgan. Husiylar Ar-Riyod aeroportidan tashqari Dammam aeroporti va Saudi Aramco obyektlariga ham hujumlar uyushtirganini bildirgan.
Saudiya Arabistoni havo mudofaasini tekshirmoqda
Saudiya hukumati raketa va dronlar mamlakat havo mudofaa tizimlarini qanday yorib o‘tganini o‘rganmoqda.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki taxminlarda husiylar havo mudofaasini chalg‘itish uchun bir nechta dronlardan, so‘ng qanotli va ballistik raketalardan foydalangani aytilmoqda. Tekshiruv Ar-Riyodgacha 1000 km dan ortiq masofani bosib o‘tgan raketalar nega ertaroq aniqlanmaganiga ham qaratilgan.
Aviakompaniyalar reyslarni to‘xtatmoqda
Qatar Airways Ar-Riyod va Dammamga qatnovlarni vaqtincha to‘xtatdi. Etihad Airways esa Abu-Dabidan Ar-Riyod, Jidda va Dammamga barcha reyslarni bekor qilgan.
Avvalroq Lufthansa va Air France-KLM ham Ar-Riyodga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan edi.
Husiylar aviakompaniyalar va yo‘lovchilarni Saudiya aeroportlari hamda havo hududidan foydalanmaslikka chaqirgan. Makka va Madina aeroportlari hujum nishoni bo‘lmasligi aytilgan.
Neft narxlari ham oshdi
Hujumlar fonida 12-oktabr kuni jahon bozorida neft narxlari qariyb 2% ga oshdi. Saudiya energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon energetik xavfsizlikni kafolatlangan holat sifatida qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Saudiya Arabistonidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat mamlakatning yirik xalqaro tadbirlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim yirik energetika kompaniyalari rahbarlari Ar-Riyoddagi WPC Energy Congress tadbirida qatnashishdan voz kechgan.
AQSh harbiy ishtirok masalasini ko‘rib chiqmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlar kuchayishi fonida husiylarga qarshi harbiy choralar masalasini ko‘rib chiqmoqda. Hozircha AQShning bevosita harbiy operatsiyaga qo‘shilishi bo‘yicha yakuniy qaror e’lon qilinmagan.
Saudiya boshchiligidagi kuchlar esa Yamandagi husiylar nazoratidagi hududlarga javob zarbalari bergan. Mintaqadagi keskinlikning kuchayishi mojaroning yanada kengayishi xavotirlarini oshirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ar-Riyod aeroportiga ketma-ket hujumlar uyushtirilgani va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonidagi fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumni qoralagani haqida yozgandi.