Bolalar o‘rtasida semizlik 4 barobar oshdi — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 35 yil ichida 5 – 19 yoshli bolalar va o‘smirlar orasida semizlik darajasi 2 foizdan 8 foizgacha oshgan. 2024-yilda dunyo bo‘yicha 170 mln nafar bola va o‘smir semizlik muammosiga duch kelgan. Shundan 70 mln nafari 5 – 9 yoshli bolalar, 100 mln nafari esa 10 – 19 yoshli o‘smirlardir.
JSST semizlikni yurak-qon tomir kasalliklari va 2-tur qandli diabet xavfini oshiruvchi surunkali kasallik sifatida baholaydi. Shuningdek, ortiqcha vazn bolalarning ruhiy salomatligiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.
10 yoshgacha dori va jarrohlik tavsiya etilmaydi
Tashkilot bolalar va o‘smirlarda semizlikni davolash bo‘yicha ilk global tavsiyalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda vazn kamaytirish uchun dori vositalari va jarrohlik amaliyotlarini tavsiya qilmaydi.
Yangi tavsiyalarda asosiy e’tibor sog‘lom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va turmush tarzini o‘zgartirishga qaratilgan. 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda vazn kamaytirish uchun dori vositalari va jarrohlik amaliyotlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi. 10 – 19 yoshli o‘smirlarda esa mutaxassislar nazoratidagi kompleks dasturlar kutilgan natijani bermasa, tasdiqlangan dori vositalarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
JSSTga ko‘ra, asosiy maqsad faqat vaznni kamaytirish emas, balki bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligi, sog‘lom rivojlanishi va hayot sifatini yaxshilashdir.
Avvalroq «Kursiv» Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda tug‘ilishdagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2023-yilda 73,3 yoshga yetgani haqida yozgan edi.