Ilon Mask AQSh saylovlariga $276 mln sarfladi

Milliarder Ilon Mask 2026-yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh Kongressi saylovlarida respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun iyul oyidan buyon kamida 276 mln dollar ajratdi. Shu orqali u joriy oraliq saylovlarning eng yirik ma’lum siyosiy donoriga aylandi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Mablag‘ning katta qismi Senat saylovlariga yo‘naltirildi
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning 2026-yilgi saylovlar davridagi jami siyosiy xarajatlari 366 mln dollarga yetgan. Shundan kamida 276 mln dollari iyul oyidan buyon respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar va o‘zining siyosiy harakat qo‘mitasiga yo‘naltirilgan.
Mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:
- 158 mln dollar – respublikachi senatorlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi Senate Leadership Fund tashkilotiga;
- 76 mln dollar – Mask asos solgan America PAC siyosiy harakat qo‘mitasiga;
- 20 mln dollar – Vakillar palatasiga respublikachilarni saylashni qo‘llab-quvvatlovchi Congressional Leadership Fund tashkilotiga;
- 10 mln dollar – Texasda respublikachi Ken Pakstonni qo‘llab-quvvatlovchi Lone Star Liberty PAC’ga;
- 10 mln dollar – Respublika gubernatorlari assotsiatsiyasiga;
- 2 mln dollar – Respublika bosh prokurorlari assotsiatsiyasiga.
America PAC yetti shtatdagi muhim saylov poygalari va Vakillar palatasiga nomzodlar ishtirok etayotgan qariyb 30 ta saylov kampaniyasida respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanmoqda.
Mask Texasdagi saylovchilarga ham e’tibor qaratmoqda
Maskning siyosiy xarajatlarining bir qismi Texasdagi saylovchilarni faollashtirishga yo‘naltirilgan. Milliarderning o‘zi ham shu shtatda yashaydi, uning kompaniyalari, jumladan, Tesla va SpaceX’ning muhim faoliyat yo‘nalishlari ham Texas bilan bog‘liq.
America PAC saylovchilarni ovoz berishga jalb qilish, uyma-uy tashviqot olib borish va respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar bilan ishlash kampaniyalarini amalga oshirmoqda.
The New York Times qayd etishicha, Maskning hozirgi siyosiy faoliyati 2024-yilgi prezidentlik saylovlari davridagidan farq qiladi: u bu safar nomzodlarni omma oldida faol targ‘ib qilishdan ko‘ra, siyosiy tashkilotlar orqali katta miqdorda mablag‘ ajratishga urg‘u bermoqda.
Mask siyosiy xarajatlarini kamaytirishga va’da bergan edi
Dunyodagi eng boy insonlardan biri bo‘lgan Mask 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 290 mln dollar sarflagan.
2025-yilda Tramp bilan kelishmovchiliklar kuchaygan davrda milliarder siyosiy xayriya va xarajatlarini kamaytirishini bildirgan edi. Keyinchalik ikki tomonning munosabatlari yana yaxshilandi va Maskning respublikachilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi qayta kuchaydi.
The New York Times ta’kidlashicha, 276 mln dollar – ochiq ma’lumotlarda qayd etilgan mablag‘. Mask donorlarini oshkor qilish talab etilmaydigan ayrim tashkilotlar orqali ham siyosiy maqsadlarga pul ajratgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Ilon Maskning boyligi 5-oktabrga kelib $1 trln ga yetgani haqida xabar berilgandi.