Mirziyoyev Ozarbayjonda OHIChK sammitida ishtirok etadi

eʼlon qilindi
Mirziyoyev 14 – 15-oktabr kunlari Ozarbayjonga boradi
Mirziyoyev va Aliyev Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qildi — foto
Foto: prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 – 15-oktabr kunlari Ozarbayjonga boradi. U Bakuda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHIChK) yettinchi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda nimalar muhokama qilinadi

Tashrif Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev taklifiga binoan amalga oshiriladi. Ozarbayjon raisligida o‘tadigan sammitda Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, shuningdek, kengashning institutsional rivojlanishi masalalari muhokama qilinadi.

Ishtirokchilar transport bog‘liqligini rivojlantirish, raqamlashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Sammit yakunida Baku deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan

Tadbir yakunida Baku deklaratsiyasi va OHIChKning roli hamda samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

OHIChK Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forum hisoblanadi. Hozirda u Osiyo hududi va aholisining qariyb 90 foizini qamrab oluvchi 28 ta davlatni birlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, 9-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib kelgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek