Samarqandda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis qurilmoqda

Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun mobil palliativ xizmat ish boshladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududda bunday yordamga muhtoj 300 nafardan ortiq bolalar aniqlangani haqida xabar berdi. Yana ayni paytda Samarqandda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisi qurilmoqda.
Yordam bolalarning uyida ko‘rsatiladi
Mobil brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ular bolalarga uy sharoitida yordam ko‘rsatadi, og‘riq va kasallik alomatlarini yengillashtirish bilan shug‘ullanadi.
Har bir bola va unga g‘amxo‘rlik qilayotgan oila uchun individual yordam rejasi ishlab chiqiladi. Ota-onalarga esa bolani parvarish qilish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaning aytishicha, loyiha oilalarga yordamni bolaning ehtiyojidan kelib chiqib uyda yoki xospisda olish imkonini yaratishga qaratilgan.
«Bolaning tashxisini o‘zgartirishga ojizmiz, ammo uning har bir kunini o‘zgartirish o‘z qo‘limizda. Maqsadimiz — oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki xospisda olish imkoniyatini yaratish», – dedi u.
Har bir bola uchun alohida keys ochiladi
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi palliativ yordamga muhtoj har bir bola uchun alohida keys ochadi. Markaz zarur ijtimoiy xizmatlar va texnik reabilitatsiya vositalarini olishda ham ko‘maklashadi.
Bolalarning ehtiyojiga qarab, moslashtirilgan nogironlik aravachalari, vertikalizatorlar, funksional karavotlar hamda yotoq yaralarining oldini oluvchi matraslar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Bolalar xospisi ham qurilmoqda
Ayni paytda Samarqandda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalar xospisi qurilishi davom etmoqda.
Rejaga ko‘ra, xospis va mobil xizmat birgalikda og‘ir kasallikka chalingan bolalar hamda ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yagona palliativ yordam tizimining bir qismiga aylanadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning har bir hududida xospislar ochilishi haqida yozgan edi.