Serbiyada 300 dan ortiq o‘zbekistonlik uchun ish o‘rni rejalashtirilmoqda

Serbiyaning «Sherpa d.o.o.» kompaniyasi 2027-yilda O‘zbekistondan 300 nafardan ortiq qurilish va unga turdosh kasb vakillarini ishga jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Migratsiya agentligi rahbari Muhsinxo‘ja Abdurahmonov «Sherpa d.o.o.» kompaniyasi bosh direktori Damir Lunich bilan onlayn muzokara o‘tkazdi.
Unda kompaniya 2027-yilda O‘zbekistondan 300 nafardan ortiq ishchini jalb qilishga tayyorligini bildirdi. Kompaniyaning hamkorlari orasida «EXPO 2027» loyihalarida ishtirok etayotgan pudratchilar ham bor.
Nomzodlar O‘zbekistonda tanlanadi
Tomonlar talab yuqori bo‘lgan kasblarni va mehnat shartlarini aniqlash, nomzodlarni maqsadli saralash hamda ularni kasbiy tayyorlash bo‘yicha kelishib oldi.
Yakuniy tanlovlarni Serbiya kompaniyasi vakillari ishtirokida O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘qing: Maosh 1,5 ming yevrogacha: o‘zbekistonliklar Serbiyaga ishga taklif qilinmoqda
Vakansiyalar keyinroq e’lon qilinadi
Migratsiya agentligiga ko‘ra, Serbiya tomonidan aniq vakansiyalar bo‘yicha rasmiy talabnoma olingach va hamkorlik hujjati imzolangach, loyiha amaliy bosqichga o‘tadi.
Shundan so‘ng ish o‘rinlari, talablar va mehnat shartlari haqida batafsil ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich iste’foga chiqqani haqida xabar berilgandi.