«Bolaga zo‘ravonlikka toqat yo‘q»: prezident yangi qonunni imzoladi

eʼlon qilindi
14 yoshgacha bo‘lgan bolaga jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq
Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi
Foto: FTW

Prezident bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Hujjat bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Saida Mirziyoyevaning yozishicha, bolaga jismoniy yoki ruhiy azob yetkazgan shaxs, u ta’lim muassasasi xodimi yoki yaqin qarindosh bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortiladi.

«Yosh bolaga nisbatan zo‘ravonlikka aslo toqat qilib bo‘lmaydi, jazo esa muqarrar va murosasiz bo‘lishi shart», — dedi Mirziyoyeva.

Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun tayinlangan jazoni yengillashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

14 yoshgacha bo‘lgan bolaga jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq

Yangi tartibga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatiga cheklov qo‘yilmaydi.

«Bolalar hayoti, sog‘lig‘i, or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday kimsa qat’iy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi shart», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Imzolangan qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida bir vaqtning o‘zida 5 ta kodeks hamda 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda erkak voyaga yetmagan qizga uylanib, unga zo‘ravonlik qilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, erkak 2025-yil 28-avgust kuni voyaga yetmagan qiz bilan shar’iy nikohdan o‘tgan va shu kundan buyon u bilan birga yashab kelgan.

Shuningdek