
UzAuto Motors Chevrolet Cobalt uchun yangi bo‘lib to‘lash taklifini e’lon qildi. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, boshlang‘ich komplektatsiyadagi avtomobil uchun kunlik to‘lov o‘rtacha 107 ming so‘mni tashkil qilishi mumkin.
Taklif bank ishtirokisiz, UzAuto Motors orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lib to‘lash shaklida amalga oshiriladi.
Boshlang‘ich to‘lov 50 foiz
Shartlarga ko‘ra, xaridor avtomobil qiymatining 50 foizini boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lashi kerak. Qolgan summa 24 oy davomida bo‘lib to‘lanadi.
Kompaniya 107 ming so‘mlik kunlik hisob-kitob boshlang‘ich komplektatsiyalar uchun keltirilganini qayd etdi. Yakuniy to‘lov miqdori tanlangan komplektatsiyaga qarab farq qilishi mumkin.
UzAuto Motors avtomobillar soni cheklanganini ham ma’lum qilgan.
Shuningdek, o‘qing: Cobalt avtomobili boshlang‘ich to‘lovsiz bo‘lib to‘lash sharti asosida sotilmoqdami — UzAuto Motors izoh berdi
Avval Cobalt uchun boshqa bo‘lib to‘lash shartlari ham e’lon qilingan
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini bank ishtirokisiz bo‘lib to‘lash asosida sotishni boshlagani haqida yozgan edi.
O‘sha taklifga ko‘ra, Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov 50 foizni, to‘lov muddati esa 24 oyni tashkil etgan. Cobalt GX-STYLE AT PLUS uchun boshlang‘ich to‘lov 78,05 mln so‘m, oylik to‘lov esa qariyb 3,25 mln so‘m etib ko‘rsatilgan edi. GX-MIDNIGHT AT versiyasida esa boshlang‘ich to‘lov 82,6 mln so‘m, oylik to‘lov qariyb 3,44 mln so‘mni tashkil qilgan.