Alisher Navoiy muzeyi fondlarida tafovutlar aniqlandi

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi fondlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan amaldagi ashyolar soni o‘rtasida tafovutlar aniqlandi. Fanlar akademiyasi muzey vaqtincha yopilganini, fondlar esa xavfsiz joylarga ko‘chirilayotganini ma’lum qildi.
Fanlar akademiyasiga ko‘ra, birlamchi xatlov davomida nodir qo‘lyozmalar, toshbosma nashrlar hamda yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar sonida farqlar aniqlangan.
Dastlabki hisobda 831 ta nodir qo‘lyozma qayd etilgan bo‘lsa, xatlovda ularning soni 847 ta ekani aniqlangan.
Toshbosma nashrlar soni 1 334 tadan 1 491 taga, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 tadan 189 taga ko‘paygan. Shaxsiy fond bo‘yicha esa 1 mln 450 ming 188 ta hujjat hisobga olingan.
Fanlar akademiyasi ushbu tafovutlarning sabablarini aniqlash uchun inventar kitoblari, fond ro‘yxatlari va boshqa hisob hujjatlari solishtirilayotganini bildirdi.
«Tafovutlarning sabablari to‘liq o‘rganilmasdan turib, ular yuzasidan qat’iy xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emas», – deyiladi rasmiy munosabatda.
847 ta nodir qo‘lyozma boshqa joyga ko‘chirildi
2026-yil 9-iyun kuni muzeyning «Nodir qo‘lyozmalar va toshbosmalar» fondida doimiy saqlovda bo‘lgan 847 nomdagi nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan.
Topshirish va qabul qilish ishlari mas’ul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan. Fanlar akademiyasi fondlarni ko‘chirishdan maqsad milliy adabiy merosni saqlash, nodir manbalarning xavfsizligini ta’minlash va ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish ekanini ta’kidladi.
Muzey vaqtincha yopilgan
Hozirda muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan. Biroq muassasa xodimlari ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Fondlarni xatlovdan o‘tkazish, hujjatlarni aniqlashtirish va muzey ashyolarini saqlash ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Muzey Yangi Toshkentga ko‘chirilishi rejalashtirilgan
Fanlar akademiyasiga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkent hududida yangi bino qurilishi rejalashtirilgan.
Yangi bino foydalanishga topshirilgach, muzey fondlarini u yerga ko‘chirish va muassasa faoliyatini davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi muzey binosidan kelgusida qanday foydalanish masalasi esa vakolatli tashkilotlar tomonidan alohida qaror asosida hal qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Navoiy «Kulliyot»ining noyob nusxasini Toshkentga olib kelgani xabar qilingandi.