Komissiyalar kamayadimi: Markaziy bank bozorga qanday ta’sir qilishi mumkin

15-oktabr kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan «Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va iste’molchi manfaatlari» mavzusidagi davra suhbatida banklar, to‘lov tashkilotlari va ekspertlar tariflarning oshishi, xizmatlarning real tannarxi va bozordagi raqobat masalasi ko‘tarildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov Markaziy bank komissiyalarni bevosita belgilamasdan, raqobatni kuchaytirish orqali ularning pasayishiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirdi.
«Markaziy bankning qudrati yetadi»
Otabek Bakirovning fikricha, muhokamadagi asosiy masala iste’molchilar to‘layotgan komissiyalar va ularning so‘nggi yillarda oshib borayotgani bo‘lishi kerak.
U Markaziy bank to‘lov tizimlariga avvalgi tariflarni qaytarish haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq bera olmasligini, biroq raqobatni kuchaytirish orqali bozordagi komissiyalarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini aytdi.
«Markaziy bankning qudrati yetadi, deb o‘ylayman, raqobatni kuchaytirish orqali ularga bosim ko‘rsatishga», – dedi Bakirov.
Uning fikricha, ayniqsa, bir shaxsning o‘ziga tegishli turli banklardagi hisobvaraqlari yoki kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish imkoniyati raqobatni oshirishi mumkin.
O‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar bepul bo‘lishi mumkin
Davra suhbatida jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini Tezkor to‘lovlar tizimi orqali komissiyasiz amalga oshirish masalasi ham ko‘tarildi.
Bakirov 2026-yil 5-mayda bunday mexanizmni yaratish bo‘yicha vazifa qo‘yilganini eslatdi.
«Jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini tezkor to‘lovlar tizimi doirasida komissiyasiz amalga oshirish, deb aniq-tiniq vazifa qo‘yilgan», – dedi u.
Uning fikricha, bunday imkoniyat mijozlarning bitta bank yoki to‘lov tizimiga bog‘liqligini kamaytirib, banklarni komissiyalarni pasaytirishga undashi mumkin.
Markaziy bank vakili ushbu masala bo‘yicha tegishli hujjat Vazirlar Mahkamasiga belgilangan muddatda kiritilganini va yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilayotganini bildirdi.
Open Banking oltita bankda sinovdan o‘tkazilmoqda
Markaziy bank vakillari Open Banking tizimini joriy etish ishlari ham davom etayotganini ma’lum qildi.
Hozir tizim oltita bank bilan sinovdan o‘tkazilmoqda. Rejaga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha pilot loyiha boshlanadi, jismoniy shaxslar uchun Open Banking tizimini to‘liq ishga tushirish esa 2027-yil aprel oxiriga mo‘ljallangan.
Shuningdek, hozirning o‘zida 23 ta bankning mobil ilovasida hisobvaraqdan hisobvaraqqa banklararo pul o‘tkazish imkoniyati mavjudligi bildirildi.
Open Banking mijozga bir bankdagi hisobini boshqa bank yoki to‘lov xizmatlari orqali boshqarish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Muhokama ishtirokchilarining fikricha, bu bozorda yangi ishtirokchilarning paydo bo‘lishiga va raqobat kuchayishiga xizmat qiladi.
Click: P2P komissiyasi 10 yildan beri 1 foiz
Davra suhbatida to‘lov tashkilotlari komissiyalarning shakllanishi bo‘yicha o‘z hisob-kitoblarini ham keltirdi.
Click vakilining aytishicha, O‘zbekistonda ilk P2P o‘tkazmalarida komissiya 2015-yilda 2 foiz bo‘lgan. Keyinchalik u 1,5 foizga, 2016-yil oxirida esa 1 foizgacha tushirilgan.
«Mana 10 yil bo‘libdi, 10 yil ichida mana shu 1 foiz komissiya umuman o‘zgarmagan», – dedi kompaniya vakili.
Uning ta’kidlashicha, shu davrda serverlar, SMS xizmatlari, protsessing va boshqa xarajatlar oshgan.
Click vakili hisobvaraqdan hisobvaraqqa o‘tkazmalar bo‘yicha sinovdan o‘tkazilayotgan xizmatda tarif taxminan 0,2-0,25 foiz bo‘lishi mumkinligini ham aytdi. Bunda Uzcard va Humo komissiyasi bo‘lmasa-da, bank va to‘lov tashkilotining texnik xarajatlari saqlanib qolishi qayd etildi.
To‘lov tizimlari xarajatlar oshayotganini aytmoqda
Humo vakili esa to‘lov tizimlarining komissiyalarini baholashda ularning infratuzilma xarajatlarini ham hisobga olish kerakligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, protsessing markazlari ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, serverlar, optik tolali aloqa tarmoqlari, zaxira tizimlari va antifrod texnologiyalariga katta mablag‘ sarflaydi.
«Tranzaksion biznesning marjasi butun dunyoda kamaymoqda va kamayishda davom etadi. Xarajatlar va tannarx esa oshmoqda», – dedi Humo vakili.
U bozorda Humo va Uzcardni to‘liq monopoliya emas, kamida duopoliya sifatida baholash mumkinligini ham aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilangani haqida xabar berilgandi. Mazkur komissiya to‘lov jarayonida ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Jumladan:
- 0,15 foiz – Uzcard va Humo tizimlari ulushi.
- 0,10 foiz – ekvayer bank;
- 0,20 foiz – QR-kod operatori;
- 0,15 foiz – to‘lov tashabbuskori (mobil ilova);
- 0,05 foiz – to‘lovchi bank;