O‘zbekiston Xorvatiya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzoladi

eʼlon qilindi
Qurilish sohasida 50 – 100 nafar mutaxassisni ishga jalb etish taklif qilindi
Foto: Migratsiya agentligi

O‘zbekiston va Xorvatiya fuqarolarni qonuniy ishga joylashtirish va mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi. Tomonlar dastlab qurilish sohasida 50 – 100 nafar mutaxassisni ishga jalb etish bo‘yicha pilot tanlov o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Xorvatiyada o‘zbekistonliklar uchun ish imkoniyatlari kengayadi

15-oktabr kuni Zagreb shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Muhsinho‘ja Abdurahmonov Xorvatiya Mehnat, pensiya tizimi, oila va ijtimoiy siyosat vazirligi davlat kotibi Ivan Vidish hamda Xorvatiya bandlik xizmati direktori Ante Lonchar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda o‘zbekistonliklarni hukumatlararo – «G2G» mexanizmi asosida qonuniy, xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarida ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Dastlab qurilish sohasida 50 – 100 nafar mutaxassisni qamrab oluvchi pilot tanlov tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, Xorvatiya ish beruvchilari talablariga muvofiq fuqarolarni kasb va tilga maqsadli tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Xorvatiyada Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochilishi mumkin

Muzokaralarda Xorvatiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ularga bevosita yordam ko‘rsatish uchun Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Xorvatiya tomoni O‘zbekistonni qurilish sohasida istiqbolli hamkor sifatida baholadi. Hamkorlikni kelgusida muhandislik, tibbiyot va ijtimoiy parvarish yo‘nalishlariga kengaytirishga ham qiziqish bildirildi.

O‘zbekiston Xorvatiya bilan bunday kelishuvni imzolagan ikkinchi davlat

Muzokaralar yakunida mehnat bozori sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama kelishuv imzolandi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Xorvatiya bungacha shunday hujjatni faqat Filippin bilan imzolagan. O‘zbekiston esa ushbu formatda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan ikkinchi davlatga aylangan.

Avvalroq Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Xorvatiyada qurilish sohasida ishlashga taklif qilgandi.

Shuningdek