
Chevrolet 2027-yilgi Tracker va Trailblazer krossoverlarini Kanada bozori uchun yangiladi. Modellar yangi tashqi dizayn, zamonaviy multimedia tizimi, 5G aloqa va kengaytirilgan xavfsizlik funksiyalariga ega bo‘ladi. Avtomobillar 2027-yil bahorida Kanada dilerlik markazlariga yetib kelishi kutilmoqda. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
Tashqi ko‘rinish yangilandi
2027-yilgi Chevrolet Tracker va Trailblazer’ning old qismi qayta ishlangan. Shuningdek, yangi yengil qotishmali disklar va kuzov ranglari qo‘shilgan. Yangi ranglar qatoridan Lagoon, Sunrise Orange va Pacific Blue Metallic o‘rin olgan.
Tracker’da 1RS komplektatsiyasi chiqarib tashlanib, LT, RS va Activ versiyalari saqlab qolindi. Trailblazer’da esa LS versiyasi bekor qilinib, LT va RS qoldirildi. Activ o‘rnini yangi Z71 egallaydi.
Trailblazer Z71 yo‘lsiz hududlar uchun moslashtirildi

Yangi Trailblazer Z71 yo‘lsiz sharoitlarga moslashtirilgan osma, avtomobil ostini himoya qiluvchi qoplama va universal shinalar bilan jihozlanadi.
Mazkur versiya texnik jihatdan avvalgi Activ komplektatsiyasiga yaqin bo‘lib, asosiy o‘zgarishlardan biri uning Z71 nomini olganidir.
Tracker 137 ot kuchiga ega bo‘ladi
Kanada bozori uchun Chevrolet Tracker 1,2 litrli uch silindrli turbo dvigatel bilan taklif etiladi.
Motor 137 ot kuchi va qariyb 220 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Dvigatel olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi va quvvat old g‘ildiraklarga uzatiladi.
Trailblazer 155 ot kuchli motor oladi
2027-yilgi Trailblazer’da 1,3 litrli uch silindrli turbo dvigatel asosiy motor bo‘lishi kutilmoqda. U 155 ot kuchi va qariyb 236 Nm aylantiruvchi moment beradi.
Old g‘ildirakdan tortuvchi versiyalar CVT uzatmalar qutisi, to‘liq uzatmali variantlar esa to‘qqiz pog‘onali avtomatik transmissiya bilan jihozlanadi.
11,3 dyuymli ekran va 5G qo‘shiladi

Har ikki model yangi elektr va dasturiy arxitekturaga ega bo‘ladi.
Salonlarda 11 dyuymli raqamli asboblar paneli va Google xizmatlari o‘rnatilgan 11,3 dyuymli multimedia ekrani paydo bo‘ladi. Shuningdek, avtomobillar 5G tarmog‘iga ulanish imkoniyatini oladi.
Xavfsizlik tizimlari kengaytirildi
Tracker va Trailblazer’da bir qator zamonaviy xavfsizlik tizimlari standart jihozga aylantiriladi.
Ular orasida old park datchiklari, chorrahada avtomatik favqulodda tormozlash, yon tomondagi velosipedchini aniqlash, orqadan kelayotgan transportni kuzatish va orqaga harakatlanishda avtomatik tormozlash tizimlari bor.
Tracker uchun elektr bagaj eshigi qo‘shimcha opsiya sifatida taklif qilinadi. Trailblazer’da esa uzatmalar qutisi selektori markaziy konsoldan rul ustuniga ko‘chiriladi. 2027-yilgi Chevrolet Tracker va Trailblazer Kanada bozorida 2027-yil bahoridan sotuvga chiqishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Cobalt, Tracker, Onix va Damas avtomobillari boshlang‘ich to‘lovsiz sotilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.