Sug‘urta tovoni kechiksa, kompaniya penya to‘laydi

17-oktabr 2026 15:19 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Sug‘urta tovoni kechiksa, kompaniya penya to‘laydi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

Yo‘l-transport hodisasidan keyin transport vositasi egasining majburiy fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi bo‘yicha tovon puli kechiktirilsa, sug‘urta kompaniyasi jabrlanuvchiga penya to‘lashi kerak. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bunday holatlarda fuqarolar qanday yo‘l tutishi kerakligini tushuntirdi.

Qaror 15 kun ichida qabul qilinishi kerak

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sug‘urta kompaniyasi jabrlanuvchining yozma yoki elektron murojaatini olgandan keyin sug‘urta tovoni to‘lash yoki uni rad etish haqida 15 kundan kechiktirmay qaror qabul qilishi kerak.

Agar to‘lov rad etilsa, sug‘urta kompaniyasi buning sabablarini asoslab berishi shart.

Tovon puli 5 ish kuni ichida to‘lanadi

Sug‘urta tovoni to‘lash haqida qaror qabul qilingach, kompaniya mablag‘ni 5 ish kunidan kechiktirmay to‘lashi lozim. Agar belgilangan muddat buzilsa, sug‘urtalovchi asosiy tovon pulidan tashqari penya ham to‘laydi.

Penya miqdori sug‘urta tovoni to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundagi Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida hisoblanadi.

Fuqaro nima qilishi kerak

Agar sug‘urta kompaniyasi to‘lovni kechiktirsa, avvalo, kompaniyaga murojaat qilib, arizaning holati va kechikish sababini aniqlash tavsiya etiladi.

Murojaatlarni yozma yoki elektron shaklda yuborish, ularning jo‘natilganini tasdiqlovchi hujjatlar va olingan javoblarni saqlab qo‘yish kerak.

Qonunchilik talablari buzilgan taqdirda Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga yoki Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat etish mumkin.

Agar masalani boshqa yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasa, fuqaro sudga murojaat etishi mumkin. Qonunda nazarda tutilgan ayrim holatlarda majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan shaxslar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi sug‘urta kompaniyalariga ko‘rsatmalar yuborgandi. Tahlillarga ko‘ra, sug‘urta xizmatlari yuzasidan mingga yaqin murojaatlarning 50 foizdan ortig‘i avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Shuningdek