Bibisara Assaubaeva O‘zbekistonga kelsa, bu shaxmatimiz uchun turtki bo‘ladi — Komil Sindarov

19-oktabr 2026 08:47 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Bibisara Asaubaeva O‘zbekistonga kelsa, bu shaxmatimiz uchun turtki bo‘ladi — Komil Sindarov
Foto: Ijtimoiy tarmoq

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari va grossmeyster Javohir Sindarovning bobosi Komil Sindarov nabirasining qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Assaubaeva bilan turmush qurishi haqida fikr bildirdi. U «Qarorgoh» podkastida ma’lum qildi.

Komil Sindarov ikki kuchli grossmeyster oilasidan kelajakda shaxmatda katta natijalarga erishadigan yangi avlod yetishib chiqishiga umid qilayotganini aytdi.

Buyuk avlod paydo bo‘lishiga umid qilaman — Komil Sindarov

Komil Sindarov bu nikohdan katta umidlar borligini ta’kidladi.

«Ikki katta jahon chempioni, ikki kuchli grossmeysterdan buyuk avlod dunyoga kelishiga umid qilaman», — dedi u.

Uning fikricha, agar Bibisara Assaubaeva kelajakda Toshkentda yashasa, bu O‘zbekiston shaxmati rivojiga ham qo‘shimcha turtki bo‘lishi mumkin.

Komil Sindarov bu masala juftlikning shaxsiy qarori ekanini ham alohida qayd etgan.

Assaubaevaning O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishi muhokama qilingandi

So‘nggi yillarda Javohir Sindarov va Bibisara Assaubaeva o‘rtasidagi munosabatlar fonida qozog‘istonlik shaxmatchining kelajakda O‘zbekiston sharafini himoya qilishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlar paydo bo‘lgan.

Bunga Assaubaevaning Qozog‘istondagi moliyalashtirish kamaygani haqidagi ochiq chiqishlari ham sabab bo‘lgan.

Biroq Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi uning fuqaroligini o‘zgartirishi haqidagi mish-mishlarni rad etgan va Assaubaevaning O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishi masalasi ko‘rib chiqilmayotganini bildirgan.

Sindarov jahon chempionligi uchun tayyorlanmoqda

Javohir Sindarov hozirda jahon chempionligi uchun Gukesh Dommarajuga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avvalroq Nodirbek Abdusattorov Sindarov bilan bir hafta davomida birgalikda tayyorgarlik olib borishini aytgan edi. Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi birinchi partiya 24-noyabr kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek