
Chevrolet kompaniyasi AQSh bozori uchun 2026-yil oktabr oyida Chevrolet Blazer elektromobiliga yangi moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAuthority xabar bermoqda.
Aksiya doirasida 2026 va 2027-yilgi modellarga past foizli kredit, 2026-yilgi versiyaga esa keyingi yilgacha to‘lovsiz muddat berilmoqda. Takliflar 4-noyabrgacha amal qiladi.
Kredit stavkasi 2,9 foizdan boshlanadi
2026-yilgi Chevrolet Blazer EV uchun 36 oyga yillik 2,9 foizli kredit taklif etilmoqda.
Shuningdek, ayrim xaridorlar uchun dastlabki 92 kun davomida oylik to‘lov qilmaslik imkoniyati mavjud. Bu shart Pensilvaniya shtati aholisi uchun amal qilmaydi.
Moliyalashtirish GM Financial orqali amalga oshirilishi kerak. 2027-yilgi Blazer EV uchun esa uchta kredit varianti bor: 36 oyga — 2,9 foiz, 48 oyga — 3,9 foiz, 60 oyga — 4,9 foiz.
Lizing oyiga $499 dan

2026-yilgi Blazer EV LT FWD Los-Anjeles hududida maxsus lizing dasturi asosida taklif etilmoqda. Shartlarga ko‘ra, 36 oy davomida oyiga $499 to‘lanadi. Yillik yurish limiti 10 ming mil.
Barcha xaridorlar uchun shartnoma imzolash paytida $6 329 to‘lov talab qilinadi. 2021-yil yoki undan yangi, GM’ga tegishli bo‘lmagan avtomobilni hozir lizing qilayotgan mijozlar uchun bu summa $5 329 gacha kamayadi.
Kafolat depoziti talab qilinmaydi.
2027-yilgi Blazer EV narxi $46,8 mingdan boshlanadi
2027-yilgi Chevrolet Blazer EV’ning boshlang‘ich narxlari quyidagicha: LT FWD — $46 795, LT AWD — $49 795, RS FWD — $52 595, RS AWD — $55 595, SS AWD — $62 495.
Bu narxlarga $1 795 yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.
Eng kuchli versiya 615 ot kuchiga ega
Blazer EV SS AWD 615 ot kuchi va 650 funt-fut aylanish momenti ishlab chiqaradi. Wide Open Watts rejimida avtomobil 0 dan 60 mil/soat tezlikka 3,4 soniyada chiqishi mumkin.
2026-yilgi Blazer EV 1 500 funtgacha, ya’ni qariyb 680 kg tirkama torta oladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Blazer uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.