
18-oktabr kuni jahon yulduzi Shakira Bishkekdagi yangi «Bishkek Arena» stadionida konsert berdi. Bu xonandaning Markaziy Osiyodagi ilk konserti bo‘lib, tomoshabinlar 33 davlatdan, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan, deya xabar berdi Kursiv Kazakhstan.
Konsert 40 daqiqaga kech boshlandi
Konsert Bishkek vaqti bilan soat 19:00 da boshlanishi rejalashtirilgan edi, biroq shou qariyb 40 daqiqaga kechikdi.
Shakira dastlab katta ekranda qum orasidan paydo bo‘layotgan tasvirda ko‘rindi. Keyin esa muxlislar orasidan yurib sahnaga chiqdi va konsertni «La Fuerte» qo‘shig‘i bilan boshladi.
Shakira qirg‘iz tilida salomlashdi
Xonanda konsert boshida muxlislarni qirg‘iz tilida qarshi oldi.
«Kutman kech, Bishkek! Kandaysyngar?» — dedi Shakira.
Konsert davomida u «Hips Don’t Lie», «Waka Waka» va «Whenever, Wherever» kabi mashhur qo‘shiqlarini ijro etdi.
Shou yakunida esa Shakira jahon turnesiga nom bergan «Bzrp Music Sessions, Vol. 53» qo‘shig‘ini kuyladi va tomoshabinlarga iliq kutib olgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Konsertga barcha chiptalar sotilgan
Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish davlat agentligi rahbari Eduard Kubatovning ma’lum qilishicha, konsert kuni barcha chiptalar sotib bo‘lingan.
Avvalroq Qirg‘iziston rasmiylari Shakira konserti mamlakatga qariyb 30 ming xorijiy sayyohni jalb qilishi va iqtisodiyotga taxminan $30 mln daromad keltirishi mumkinligini bildirgan edi.
Xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Konsert oldidan Bishkekda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. VIP mehmonlar uchun alohida kirish va avtoturargoh tashkil etildi.
Qolgan tomoshabinlar stadionga maxsus shuttle avtobuslarda olib kelinib, sakkizta nazorat punktidan o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shakiraning Bishkekdagi konserti chiptalari narxi ma’lum qilingandi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, sahna stadionning sharqiy tribunasi tomonda joylashtiriladi.
Ko‘rish imkoniyati cheklangan, sahnaning yon tomonidagi joylar uchun chiptalar 12 ming somdan (taxminan $137) sotiladi. Yuqori qavatdagi joylar 13,5 ming som ($154), sahnadan uzoqroq ikkinchi va uchinchi qavatlardagi o‘rinlar esa 22 ming som ($252) turadi. Fan-zonalardan keyin joylashgan asosiy raqs maydoniga kirish 27 ming som ($309), sahna qarshisidagi g‘arbiy tribuna o‘rinlari esa 28 ming som ($320) etib belgilangan.