
«O‘zavtosanoat» AJ Chevrolet Equinox PHEV avtomobilining imkoniyatlarini videoda tanishtirdi. Modelning asosiy xususiyati — tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibrid tizimga ega ekani.
PHEV, ya’ni plug-in hybrid tizimida benzinli dvigatel, elektromotor va tashqi manbadan quvvatlanadigan batareya birgalikda ishlaydi.
Elektr rejimida 120 kmgacha yuradi
Videosharhga ko‘ra, Chevrolet Equinox PHEV versiyasiga qarab 17 yoki 24 kW·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Sof elektr rejimida yurish zaxirasi mos ravishda 80 km yoki 120 kmgacha yetadi.
Bu haydovchiga kundalik qisqa masofalarda avtomobildan faqat elektr quvvati hisobiga foydalanish imkonini beradi.
Gibrid rejimida 1 000 kmgacha masofa

Avtomobilda 1,5 litrli turbinali to‘rt silindrli benzin dvigateli ham o‘rnatilgan. Batareya quvvati kamayganda yoki uzoq masofaga yo‘lga chiqilganda avtomobil gibrid rejimida harakatlanadi. «O‘zavtosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, bu rejimda umumiy yurish zaxirasi 1 000 kmgacha yetadi.
Elektromotor quvvati 190 kW
Equinox PHEV elektromotorining maksimal quvvati 190 kWni tashkil etadi. Maksimal aylanish momenti esa 215 Nm. Avtomobilda PHEV transmissiyasi qo‘llanilgan.

Radiator panjarasida faol jalyuzilar bor
Model radiator panjarasida faol jalyuzilar bilan jihozlangan. Ular avtomobilning sovutish tizimi ehtiyojiga qarab avtomatik ishlaydi. Sovutish talab qilinmagan holatlarda jalyuzilar yopilib, havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradi.
Bu yechim aerodinamik samaradorlikni yaxshilash va energiya sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Blazer elektromobili uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.