
Yangi taqdim etiladigan Oppo Reno 17 Pro smartfonining asosiy xususiyatlari oshkor bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
6,32 dyuymli ixcham ekran olishi mumkin
Manbaga ko‘ra, Oppo Reno 17 Pro 1,5K aniqlikdagi 6,32 dyuymli tekis ekran bilan jihozlanadi. Displeyning yangilanish chastotasi 120 Hz ni tashkil etishi kutilmoqda.
Smartfon MediaTek Dimensity 8550 SUPER protsessorida ishlashi mumkin. Biroq chipset bo‘yicha rasmiy ma’lumot hozircha berilmagan.
Asosiy kamera 200 MP bo‘ladi
Reno 17 Pro’ning old qismida selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 50 MP kamera bo‘lishi aytilmoqda.
Orqa kameralar tizimiga esa katta sensorli 200 MP asosiy kamera, 50 MP ultra keng burchakli kamera va 50 MP periskop telefoto kamera kirishi mumkin.
Shuningdek, Oppo Reno seriyasiga hozircha qimmatroq Find X modellari uchun mo‘ljallangan telefoto ekstenderini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini olib kelishni ham ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda.
Batareya qariyb 7 000 mA/soat bo‘ladi
Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon qariyb 7 000 mA/soat sig‘imli batareya oladi. Bu 6,32 dyuymli ixcham qurilma uchun sezilarli ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hozircha quvvatlash tezligi, smartfonning qalinligi va og‘irligi haqida ma’lumot yo‘q.
Taqdimot noyabrda kutilmoqda
Avvalgi ma’lumotlarda Reno 17 seriyasiga turli ekran o‘lchamlariga ega bir nechta model kirishi, kamera tizimida esa 200 MP sensorlarga asosiy urg‘u berilishi aytilgan edi.
Oppo shuningdek, jonli suratlar va videolarni tahrirlash uchun yangi funksiyalarni taqdim etishi mumkin.
Reno 17 seriyasi 2026-yil noyabrida taqdim etilishi kutilmoqda, biroq kompaniya hozircha rasmiy sanani e’lon qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oppo Reno 17 ilk bor jonli suratda ko‘ringani haqida yozgan edi.