
Yangi Damas avtomobilining 1,5 litrli dvigateli 147 Nm aylantiruvçi moment hosil qiladi. Bu haqda «Özavtosanoat» AJ yangi Damas’ning texnik işlaş tamoyilini tuşuntirgan videosida ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotiga köra, dvigatel hosil qilgan aylantiruvçi moment avval uzatmalar qutisiga, keyin kardan vali va asosiy uzatma orqali orqa ğildiraklarga uzatiladi.
Birinçi uzatma nima uçun kerak
Birinçi uzatmada uzatiş nisbati avtomobil ğildiraklarida kattaroq aylantiruvçi moment hosil qilişga yordam beradi.
Bu, ayniqsa, avtomobil yuk yoki yölovçilar bilan joyidan qözğalganida, şuningdek, qiyalikka kötarilganda muhim.
Biroq uzatmalar qutisi qoşimça energiya yaratmaydi. Pastki uzatmalarda ğildiraklardagi aylantiruvçi moment oşadi, lekin buning evaziga bir xil dvigatel aylanişida ğildiraklar sekinroq aylanadi.
Şuning uçun birinçi uzatma avtomobilni joyidan qözğatişda samarali, tezlik oşgani sari esa keyingi uzatmalarga ötiş kerak böladi.
Damas’ga nega oltita uzatma kerak
«Özavtosanoat» izohiça, olti poğonali mexanik uzatmalar qutisi dvigatel imkoniyatlaridan turli tezlik va yuklama şaroitida samaraliroq foydalaniş imkonini beradi.
Pastki uzatmalar joyidan qözğaliş, yuk bilan harakatlaniş va qiyalikka kötarilişda köproq tortiş kuçi beradi.
Yuqori uzatmalar esa avtomobil tezligi oşganda dvigatelni nisbatan pastroq aylanişlarda işlatişga yordam beradi.
Şu sabab oltinçi uzatma avtomobilni faqat tezroq qiliş uçun emas, balki yuqori tezlikda dvigatel aylanişlarini kamaytiriş uçun ham xizmat qiladi.
Damas Max va Damas Move’da yuklama özgarib turadi
Bu tizim yangi Damas’ning ikki versiyasi – Damas Move va Damas Max uçun ham muhim.

Damas Move’da yölovçilar soni, Damas Max’da esa taşilayotgan yuk miqdori özgarib turişi mumkin. Natijada avtomobil bir vaziyatda böş, boşqa vaziyatda esa katta yuklama bilan harakatlanadi.
Şu sabab yölovçi va yuk taşışga möljallangan avtomobillarda faqat maksimal ot kuçiga qaraş yetarli emas.
«Özavtosanoat» ta’kidlaşiça, muhim jihatlardan biri – dvigatel hosil qilgan aylantiruvçi momentning turli harakat şaroitlarida ğildiraklarga qanday yetkazilişidir.
Yangi Damas 1,5 litrli, 103 ot kuçiga ega dvigatel va olti poğonali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan naşri Damas Move va Damas Max avtomobillarining old qismi konstruksiyasi qanday vazifani bajarişi haqida yozgan edi.