O‘zbekiston fuqarolari 25-sentabrdan boshlab Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Kursiv’ga ma’lum qildi.
Mazkur kelishuv 26-avgust kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn uchrashuvi chog‘ida imzolangan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, vizasiz rejim bitimi imzolanganidan 30 kun o‘tib, ya’ni 25-sentabrdan kuchga kiradi. Shuningdek, tomonlar turizm sohasida hamkorlik va Toshkent – Ummon yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga ham erishgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Iordaniya hamda Bahrayn o‘rtasida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bo‘yicha bitim imzolangani haqida yozgandi.