Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro sabablari qanday

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar har doim ham hozirgidek keskin bo‘lmagan
Sharqshunoslik universiteti Sharq mamlakatlari tarixi kafedra mudiri PhD

14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga hujum qilgan edi. Harbiy operatsiyada Tehron 170 ta dron, 30 ta qanotli raketa va 120 ballistik raketa bilan hujum uyushtirgan. Bundan oldin Isroil harbiy samolyotlari Eronning Suriyadagi elchixonasiga zarba bergan edi, bu Yaqin Sharqdagi mojaroning jiddiy kuchayganini ko‘rsatdi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro ortida qanday sabablar bor

Eron va Isroil oʻrtasidagi munosabatlar har doim ham hozirgidek keskin boʻlmagan. Eron musulmon davlatlari orasida birinchilar qatorida Isroil bilan hamkorlik oʻrnatgan. 1979-yilga qadar ularning munosabatlarida keskinlik kuzatilmagan.

«Islom inqilobi»dan soʻng Eron oʻzining yangilangan Yaqin Sharq siyosati doirasida Isroilga nisbatan munosabatini oʻzgartirdi va unga qarshi pozitsiyani egalladi. Shunga qaramasdan, 1980-yildan 1989-yilgacha boʻlgan vaqtda ham Eron Isroilda ishlab chiqarilgan harbiy texnika va qirol yaroqning doimiy xaridori boʻlgan. 2011-yil «arab bahori“ voqealaridan soʻng mintaqada boshlangan beqarorlik tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirdi. Eron oʻzining cheklash strategiyasining bir qismi sifatida Livan, Suriya, Iroq, Yaman va Falastinda Isroil chegaralarini oʻrab turgan “qarshilik oʻqi“ tarmogʻini qoʻllab-quvvatladi va moliyalashtirdi. Men bu yerda Hizbulloh, HAMAS, husiylar hamda Suriya va Iroqdagi eronparast kuchlarni nazarda tutmoqdaman.

Bu kuchlar yaqin-yaqingacha ham oʻz harakatlarini doimiy ravishda Eron bilan muvofiqlashtiruvchi vositachi kuchlar edi biroq hozirda vaziyat oʻzgargan, ular bugungi kunda oʻz hududlarida ichki muxtoriyatga ega boʻlgan va transmilliy miqyosda oʻz faoliyatini muvofiqlashtiradigan sheriklar darajasiga koʻtarilgan. Endilikda, Eron bu kuchlar bilan maslahatlashadi va ularning manfaatlarini hisobga oladi.

2023-yilning 7-oktabrda boshlangan Gʻazodagi keng koʻlamli urushda Eron “qarshilik oʻqining» asosiy muvofiqlashtiruvchisi boʻlib kelmoqda. Isroil esa Gʻazodagi urushdan tashqari «qarshilik oʻqi»ni cheklash va uni nishonga olish bilan ham faol shugʻullandi. Isroil kuchlari tomonidan tan olinmagan biroq inkor ham qilinmagan Eronning Damashqdagi elchixonasi binosiga uyushtirilgan hujumi ham Isroilning Gʻazodan tashqarida «qarshilik oʻqiga» qarshi tez-tez amalga oshirayotgan hujumlarining navbatdagi nishoni boʻldi. Aynan mazkur hujum Eronning Isroilga qarshi birinchi marotaba toʻgʻridan toʻgʻri harbiy kuch qoʻllashiga sabab boʻldi.

Binyamin Netanyaxu hukumati 6 oydan beri Gʻazoda davom etayotgan urushga Eronni ishtirok etishini koʻp marotaba urinib koʻrdi biroq Eron har doim toʻgʻridan toʻgʻri urushga kirishdan oʻzini qatʼiy tiyib kelayotgan edi.

Isroil Gʻazoda sodir etayotgan oʻta tajovuzkor urushi tufayli oʻz tarixida birinchi marotaba xalqaro maydonda mutlaq yakkalanib qoldi. Bu vaziyatni oʻnglash va xalqaro sheriklarini yana oʻz atrofida jamlash uchun Eronni qarshi zarba berishga majbur qiladigan harbiy amaliyotni bajardi va shu orqali u qaysidir darajada Erondan oʻz maqsadi yoʻlida foydalandi. Qisqa vaqtda u AQSH, Fransiya va Angliya singari hamkorlarini yana oʻz yonida koʻrdi.

Eronning Isroilga qarshi juda cheklangan, ogohlantirishlarga boy va talofat koʻlami boʻyicha bezarar boʻlgan bu zarbasidan kamida ikkita maʼno koʻrishimiz mumkin.

Birinchidan, Tehron Isroil bilan mojaroda yangi qizil chiziqlarni belgilaganligini koʻrsatdi, unga koʻra agar Isroil Eron va uning sheriklarini degradatsiya qilish kampaniyasini davom ettirsa, Eron bu masalani oʻz qoʻliga olishini aniq taʼkidladi va buni qila olishini isbotladi.

Ikkinchidan, biz yuqorida taʼkidlaganimiz va «qarshilik oʻqi» deb nomlaganimiz Eron sheriklari bilan ushbu hujumni amalga oshirish uchun yetarlicha vaqt davomida maslahatlashdi, natijada, ularning roziligi va ular koʻz oʻngida zaif koʻrinmaslik uchun ham ushbu zarbani amalga oshirdi.

Hozirda barchani birdek xavotirga solayotgan savol Eronga qarshi Isroil javob zarbalarini beradimi yoki bundan oʻzini tiyadimi. Biz yuqorida aytganimizdek, bu hujumni toʻgʻridan toʻgʻri Eronga qarshi emas balki xalqaro yakkalanish jarayonini toʻxtatish va oʻz sheriklarni yana yonida koʻrish maqsadida amalga oshirganligini hisobga oladigan boʻlsak u javob zarbasi uchun buyruq bermaydi. U toʻgʻridan toʻgʻri javob zarbasini berishga qaror qilgan taqdirda sheriklari uni toʻliq qoʻllab quvvatlamasligini yaxshi tushunadi. Zotan Eronning keng koʻlamli urushga kirishi eng avvalo jahon energetika bozorida chuqur inqirozni keltirib chiqarishi aniq.

Koʻplab kuzatuvchilar va ekspertlar xulosa qilayotganidek, Eron va Isroilning mazkur ziddiyati Yaqin Sharqda keng koʻlamli urush olovini yoqish ehtimoli juda kam.

Mojaro tufayli qanday savdo oqimlari uzilishi mumkin va bu O’zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi

Agar yaqin kelajakda Eron va Isroil oʻrtasida urush sodir boʻladi deb tasavvur qilsak, eng avvalo bu biz uchun geoiqtisodiy masalaga aylanadi. Mustaqillikka erishganimizdan beri respublikamizda Rossiyaga bogʻliq boʻlmagan holda xalqaro savdo yoʻllariga chiqish, jumladan xalqaro dengizlarga chiqish boʻyicha muqobil variantlar ustida ishlab kelinadi. Eron biz uchun ana shunday muqobil variantlar ichida eng yaxshilaridan biridir. Eronda beqarorlik boʻlishi Oʻzbekistonning Eron portlari orqali xalqaro dengiz yoʻllariga chiqish boʻyicha rejalarini toʻxtatib qoʻyishi mumkin.

Ikkinchidan, bugungi kunda Oʻzbekiston investitsiya bozorida faollashib borayotgan Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar singari davlatlarning ehtimoliy Eron Isroil urushiga tortilish darajasi yuqori ekanligini hisobga olsak, mazkur davlatlardan kelayotgan investitsiya oqimini nisbatan qisqarishini prognoz qilishimiz mumkin. Bu esa Oʻzbekistonda muqobil energiya sohasidagi katta loyihalarga salbiy taʼsirini koʻrsatadi.

Isroil va Eron o’rtasidagi ziddiyat kuchaygan taqdirda O’zbekistonga qanday tahdidlar solishi mumkin

Suriyadagi urushda yoki shu kecha kunduzda Gʻazoda kechayotgan urushda qatnashishni xohlovchi va buni oʻz «jihodi» sifatida talqin qiluvchi yoshlarning Markaziy Osiyo jamiyatlarida har doim ham topilishini hisobga olsak, aynan mazkur yoʻnalishda mintaqa davlatlari uchun xavfsizlik masalasini keltirib chiqarishi mumkin. Yaqin tariximizda markaziy osiyolik minglab yoshlar Suriyadagi urushda qatnashish uchun turli radikal guruhlar tomonidan jalb qilinganligidan saboq chiqargan holda, biz kamida yana xuddi shunday ssenariyni oldini olishga tayyor boʻlishimiz kerak.

Mavzu bo'yicha materiallar
Anastasiya Novikova
Anastasiya Novikova
Kuch Hamkorlikda
Jurnalning ayollar yetakchiligiga bag‘ishlangan yangi sonini bosh muharrir Anastasiya Novikova taqdim etadi.