O‘zbekistonda kapital bozorini tartibga soluvchi funksiya Markaziy bankka o‘tkazilishi kerak

FREEDOM BROKER INVESTITSION BANKING MANAJERI

Iqtisodiyotda fond bozori bo‘sh resurslarga ega bo‘lgan mablag‘larni muhtojlarga qayta taqsimlash imkonini beruvchi vositachi sifatida muhim ahamiyatga ega. Rivojlanayotgan iqtisodiyotga qaramasdan, O‘zbekistonda fond bozori hali boshlang‘ich bosqichida bo‘lganligi sababli uzoq muddatli investitsiyalar yetishmasligi muammosi hozirgacha hal etilmagan.

Sabablari

O‘zbekistonda kuchli bozorning yo‘qligi qator omillar bilan bog‘liq. Birinchidan, respublikada institutsional investorlar (banklar, pensiya fondlari v.b.) mavjud emas. Ikkinchidan, xorijiy mamlakatlarda juda mashhur bo‘lgan investitsiya fondlari (IF), o‘zaro investitetsiya fondlari (PIF) va boshqa fondlar kabi jamoaviy investitsiya vositalari deyarli yo‘q. Uchinchi sabab, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi bilan depozit stavkalari o‘rtasida katta tafovut mavjud (asosiy stavka darajasida 14%, jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha daromadlilik 25%ga yetadi), bu qarz bozorini rivojlantirishni imkonsiz qiladi.

Yuqorida aytilganlarning barchasiga qo‘shimcha ravishda, kapital bozori regulyatorining tez-tez o‘zgarishi segmentning rivojlanish yo‘nalishining doimiy o‘zgarishiga olib keladi va uning professional ishtirokchilari ishini murakkablashtiradi. Clearstream va Euroclear kabi xalqaro depozitariylar bilan aloqaning yo‘qligi xorijiy investorlar imkoniyatlarini keskin cheklaydi va rivojlanishni sekinlashtiradi. Respublikada professional investorlar o‘z risklarini himoya qilish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan moliyaviy vositalar bozori deyarli mavjud emas.

Oqibatlari

O‘zbekistonda fond bozori rivojlanmaganligi yuqori texnologiyali yoki noodatiy mahsulot asosida biznes yurituvchi kichik va o‘rta kompaniyalar uchun moliyalashtirishni qiyinlashtiradi. Buning sababi shundaki, bu kompaniyalar bankdan kredit olisholmaydi. Ularda garov uchun yetarli moddiy aktivlar mavjud emasligi oqibatida bank ko‘pincha kelajakdagi rivojlanish salohiyatini baholamaydi. Bunday kompaniyalar investorlar tomonidan ushbu turdagi aktivlarga talabning to‘liq yo‘qligi sababli fond bozorini hisobga olishmaydi.

Bozorning zaifligi yuqori stavkalarda moliyalashtirishni jalb qilishga majbur bo‘lgan davlatda ham namoyon bo‘ladi. Bunday yuqori stavkalarning sababi esa bozorda talabning kamligidandir. Masalan, Iqtisodiyot va moliya vazirligining bir yillik obligatsiyalarining so‘nggi chiqarilishi o‘rtacha 17,10% daromadlilik darajasida (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy kursidan 3,1% yuqori) joylashtirildi. Shu bilan birga, qo‘shni Qozog‘istonda Markaziy bankning 16,75 foizlik diskont stavkasi darajasida bir yillik obligatsiyalarning so‘nggi chiqarilishi 14,65 foizlik daromadlilik stavkasida (Qozog‘iston Respublikasi Markaziy banki diskont stavkasidan 2,1% past) joylashtirildi.

Yechim

Bir qator yechimlar O‘zbekistonda fond bozorining rivojlanishini tezlashtirishi mumkin. Birinchisi, valyuta birjasi (O‘zRVB) va «Toshkent» Respublika fond birjasi negizida yagona birja tashkil etish. Bu texnologik asbob-uskunalarni takomillashtirish va bir brokerlik hisobvarag‘idan turli platformalarda vositalarni sotish imkoniyati tufayli xorijiy va mahalliy investorlar uchun fond bozoridagi ishlarni soddalashtiradi. Shunga o‘xshash jarayon 2011-yilda Rossiyada amalga oshirilgan. U yerda o‘sha paytdagi ikkita eng yirik birja RTS va MICEX birlashtirildi. Investorlar bunga juda ijobiy munosabatda bo‘lishdi.

Yana bir muhim qadam regulyatorning funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror bo‘lishi mumkin. Bu banklar va fond bozori ustidan yagona nazorat o‘rnatish imkonini beradi. Bu moliyaviy tizim tobora murakkablashib borayotganligi sababli zarur. Ayrim banklar nafaqat bank sohasida, balki fond bozori va sug‘urta sohasida ham faoliyat yuritadi. Tartibga soluvchi funksiyalarning Markaziy bankka o‘tkazilishi mamlakat moliya bozorida yagona muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish imkonini beradi.

Bank depozitlari bo‘yicha marjinal daromad stavkalarining joriy etilishi ham taraqqiyotga yordam berishi mumkin. Bunday amaliyot Qozog‘istonda mavjud. Qozog‘iston Depozitlarni Kafolatlash Jamg‘armasi (KDIF) depozitlar bo‘yicha marjinal stavkalar darajasini belgilaydi va muntazam ravishda ko‘rib chiqadi. Bu agressiv depozit siyosati bilan banklarni cheklash maqsadida amalga oshiriladi. Likvidlik yetishmasa, ular o‘zlarining depozit mahsulotlari uchun oshirilgan foiz stavkalarini olishlari mumkin. Bu esa, bunday banklarning to‘lovga layoqatsizligiga qadar bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qozog‘istonda depozitlar bo‘yicha marjinal stavkalarni belgilash mexanizmi bozor bahosi tamoyiliga asoslanadi. KDIF tomonidan belgilangan tariflar majburiy emas. Ammo limitdan oshib ketgan taqdirda, kelgusida kafolatli to‘lovlar uchun jamg‘arma zaxirasiga qo‘shimcha badal taqdim etiladi. Shuning uchun banklar odatda KDIF tomonidan tavsiya etilgan stavkalardan oshmaydi.

O‘zbekiston fond bozorida institutsional investorlarni ham ko‘rishni istar edim. Ushbu kompaniyalar uzoq muddatli investitsiyalar shaklida iqtisodiyot manfaati uchun ishlashi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi «uzoq» pulga ega. Investorlar va emitentlar uchun soliq imtiyozlari ham rivojlanish uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin. Ular bozorga kirishni yanada jozibadorligini oshiradi.

Mavzu bo'yicha materiallar
Anastasiya Novikova
Anastasiya Novikova
Kuch Hamkorlikda
Jurnalning ayollar yetakchiligiga bag‘ishlangan yangi sonini bosh muharrir Anastasiya Novikova taqdim etadi.