
OnePlus o‘zining yangi Watch 3 aqlli soati chiqarilishini bosib chiqarish xatosi sababli kechiktirishga majbur bo‘ldi. Dastlabki xaridorlar $330lik gadjetning orqa qismida «Made in China» o‘rniga «Meda in China» yozuvi borligini aniqlashdi. Bu haqda engadget nashri ma’lum qildi.
Ushbu nazoratsizlik tezda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markaziga aylandi va foydalanuvchilar OnePlus kabi brend sifat nazoratidan qanday qilib bunday xato o‘tib ketganiga hayron qolishdi. Brend vakillari esa «Voy, biz xato qildik!» deya rasmiy bayonot berishdi.
Shu sababli OnePlus Watch 3 chiqarilishi aprel oyiga ko‘chirildi. Oldindan buyurtma sahifasida 9-aprel sanasi ko‘rsatilgan, shuningdek, kompaniya oldindan buyurtma chegirmalarini $30 (Kanadada $50) ga uzaytirishga qaror qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus Open 2 smartfoni 2025-yilning birinchi choragida chiqarilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.