Tesla iyun oxirigacha robotaksi sinovlarini boshlaydi

22-may 2025 17:55 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Tesla
Foto: Tesla

Dastlabki bosqichda o‘nlab avtonom avtomobillar yo‘lga chiqariladi. Bu haqda Ilon Mask CNBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Tesla kompaniyasining robotaksi xizmati 2025-yil iyun oyining oxirigacha sinov tariqasida ishga tushirilishi kutilmoqda. O‘nlab avtonom avtomobillar Texas shtatidagi Ostin shahrining faqat eng xavfsiz hududlarida yo‘lga chiqariladi.

Tesla
Foto: Topgear

Maskning so‘zlariga ko‘ra, bu son bir necha oy ichida mingtagacha oshiriladi.

«Biz butun shahar bo‘ylab emas, faqat sinov uchun xavfsiz deb topilgan joylarda harakatlanishni boshlaymiz», – deydi Mask.

Tesla uchun bu sinov strategik burilish nuqtasi sanaladi. Kompaniya ilgari rejalashtirilgan arzon elektromobil platformasidan voz kechib, e’tiborni aynan robotaksi va Optimus insonsimon robotlar ishlab chiqishga qaratmoqda. Ayni paytda Tesla aksiyalarining bozor qiymati ham aynan shu yirik loyihalarga bog‘liq.

Tesla
Foto: Topgear

Shu bilan birga, AQShning Milliy avtomobil yo‘llari harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) Tesla’ning to‘liq avtonom yurish (FSD) dasturiga oid xavfsizlik masalalari yuzasidan tergov olib bormoqda. Jumladan, past ko‘rinishli yo‘llarda yuzaga kelgan to‘qnashuvlar holatlari o‘rganilmoqda.

Regulyator yaqin kunlarda Tesla’dan robotaksilar yomon ob-havo sharoitlarida qanday ishlashi haqida batafsil ma’lumot talab qilgan.

Ilon Maskning aytishicha, Tesla FSD texnologiyasini boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga litsenziya asosida taklif qilish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda. 

Avvalroq «Kursiv» nashri Zeekr brendi o‘zining yangi elektr krossoveri – Zeekr 7X modelini Yevropa bozorida taqdim etgani haqida yozgandi. Ushbu model Tesla Model Y va Audi Q4 e-tron’ga raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda.

Shuningdek