
Kuchli kameraga ega Nubia Z70S Ultra smartfoni sotuvga chiqarildi. Bu haqda Lifehacker nashri xabar bermoqda.
Nubia Z70S Ultra flagman-smartfoni o‘ziga xos dizayni va kuchli kamera imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Qurilma Android 15 tizimida ishlaydi, unga Nebula AIOS grafik qobig‘i o‘rnatilgan. U sun’iy intellekt yordamida sahnalarni aniqlaydi, tasvir sifatini oshiradi va ovozli boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Asosiy kamera Sony ishlab chiqargan 50 MP sensor bilan jihozlangan. Obyektiv diafragmasi f/1.59–f/4.0 oraliqda sozlanadi, bu esa yorug‘lik va chuqurlikni optimal boshqarish imkonini beradi. 64 MP’li periskopli teleobyektiv 2,7 karra optik zumga ega. 122° ko‘rish burchagiga ega 50 MP ultra keng burchakli kamera esa keng tasvirlarni yuqori sifatda oladi.
Ma’lumot o‘rnida iPhone 16 modelining asosiy kamerasi 48 MP’ni tashkil etadi.

Sun’iy intellekt yordamida harakatdagi obyektlarni barqaror suratga olish, tungi rejim va ranglar balansi avtomatik tarzda takomillashtiriladi. Ultra keng modulda amalga oshirilgan makrorejim 2,5 sm masofadan aniq fokus olish imkonini beradi.
Frontal kamera 16 MP bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ekran ostida joylashgan. 6,85 dyuymli AMOLED-displey 1216×2688 piksel aniqlikda va 2000 nit yorqinlikka ega, bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri ostida ham ko‘rinishni ta’minlaydi.
Smartfon bir nechta og‘ir ilovalarni bir vaqtda bajarishda ham barqaror ishlaydi. Kadrlar bilan ishlash, top o‘yinlar va RAW-fayllarni tahrirlash muammosiz bajariladi. Neyroprotsessor yordamida yuzni aniqlash, tasvirlarni optimallashtirish va energiyani tejash vazifalari tezroq bajariladi.

Batareya sig‘imi 6600 mA·soat bo‘lib, bir ish kuniga yetadi. 80 Vatt quvvatli tezkor zaryadlovchi qurilma yordamida 15 – 20 daqiqa ichida 50% gacha quvvat olish mumkin.
Qurilma 1,5 metr chuqurlikka tushib ketgan holatlarda ham ishlashda davom etadi. Undagi DTS:X Ultra texnologiyasiga ega stereodinamiklar kuchli ovoz beradi, NFC moduli esa tezkor to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Smartfonning narxi chegirmasiz $1100 ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 122 dollarlik Realme C73 smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.