«Nasaf» muxlislarni haqoratlagan xodimini ishdan oldi va jamoatchilikdan uzr so‘radi

7-iyul 2025 16:29 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Foto: «Nasaf»

O‘zbekiston Superligasining 15-turidan o‘rin olgan «Dinamo» – «Nasaf» uchrashuvidan keyin yuzaga kelgan mojaro keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lmoqda. Qarshi klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqdagi nomaqbul fikrlari Samarqand va Andijon klublari tomonidan keskin qoralandi.

«Dinamo» futbol klubi Bobonazarovning VAR texnikasining yetib kelmasligiga oid izohlarini nafaqat klubga, balki butun viloyat muxlislariga nisbatan haqorat sifatida baholadi. Klub bu borada «Nasaf»dan rasmiy tushuntirish so‘rab, mazkur holatni jiddiy tarzda ko‘rib chiqish va chora ko‘rishni talab qildi.

Foto: X (sobiq Twitter)

«Andijon» klubi esa o‘z bayonotida Bobonazarovning bu kabi harakatlari birinchi marta kuzatilmayotganini bildirdi. Klub matbuot xizmati «Nasaf» vakillari bilan bog‘lanib, vaziyat yuzasidan tushuntirish talab qildi hamda PFLdan rasmiy chora ko‘rishni so‘radi.

Shundan so‘ng, «Nasaf» klubi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, Sarvar Bobonazarov ayni vaqtda mehnat ta’tilida bo‘lgan va klub nomidan emas, balki shaxsiy sahifasida fikr bildirgan. Shunga qaramay, bu harakat klub odob-axloq qoidalariga zid deb topilib, Bobonazarov bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Klub, shuningdek, Samarqand va Andijon jamoalari hamda ularning muxlislariga chuqur hurmatini bildirib, yuzaga kelgan holat uchun jamoatchilikdan uzr so‘radi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Paxtakor» portugaliyalik murabbiy bilan xayrlashgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek