
Xitoyda 2026-yilgi Xpeng P7 elektromobili ilk bor ochiq, ya’ni kamuflajsiz holda suratga olindi. Bu haqda CarNewschina xabar bermoqda.
Futuristik dizaynga ega yangi sedan avgust oyida rasman taqdim etilishi kutilmoqda. Model 586 ot kuchiga ega bo‘lib, ilgari sotuvda bo‘lgan P7i o‘rnini bosadi.

Yangi P7 uzunligi 5017 mm, g‘avurligi 1970 mm, balandligi esa 1427 mm bo‘lib, 5 o‘rinli katta kupe-sedan shaklida ishlab chiqilgan. G‘ildiraklar bazasi 3008 mm, boshlang‘ich og‘irligi esa 2090 kg atrofida.
Modelning bir nechta versiyalari mavjud. Eng oddiy orqa g‘ildirakdan tortuvchi (RWD) variant 270 kVtli (363 ot kuchi) elektromotor va 74,9 kVt·soat sig‘imli LFP batareyaga ega. Bu 702 km masofani bosib o‘tishga yetadi. Unga nisbatan uzoq masofa yuruvchi versiyada 92,2 kVt·soatli NMC batareya qo‘llanilib, yurish zaxirasi 820 kmga yetadi.

To‘liq g‘ildirakli (AWD) versiyada old g‘ildiraklarga 167 kVtli qo‘shimcha motor o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy quvvat 586 ot kuchiga yetadi. Bu versiyada ham 750 km yurish masofasini ta’minlovchi NMC batareya qo‘llaniladi. Barcha versiyalarda maksimal tezlik 230 km/soat bilan cheklangan.
Yangi P7’da avvalgi modeldagi kabi «qaychi eshiklar» ham taklif etiladi. Rasmiy taqdimot Xitoyda avgust oyiga rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda Xpeng G7 elektromobili savdoga chiqarilgani haqida yozgan edi.
Model Xpeng brendining yettinchi avtomobili bo‘lib, Tesla Model Y va Xiaomi YU7 bilan raqobatlasha oladi. Dastlabki 46 daqiqa ichida 10 mingdan ortiq buyurtma qabul qilingan.