
Volkswagen deganda ko‘pchilikning xayoliga afsonaviy Beetle yoki zamonaviy Audi avtomobillari keladi. Kompakt avtomobillar ishlab chiqarishdan boshlangan bu yo‘l bugungi kunda turli toifadagi mashhur brendlarni o‘z tarkibida birlashtiradi. Quyida Volkswagen Group tarkibiga kiruvchi eng mashhur o‘nta brend haqida so‘z yuritamiz.
Volkswagen

Nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi 1937-yilda tashkil topgan. Deyarli bir asr davomida kompaniya yiliga 4 milliondan ortiq avtomobil sotishga erishib, dunyodagi eng yirik avtomobil brendiga aylandi. Uning eng mashhur modellari – Golf, Beetle va Passat, ammo kelajakda brend asosiy e’tiborni elektromobillar ishlab chiqarishga qaratmoqchi.
Scania

Volkswagen ushbu tijorat gigantiga o‘zining Traton bo‘linmasi orqali egalik qiladi. Scania og‘ir yuk mashinalari va avtobuslar ishlab chiqarishda dunyo bo‘yicha yetakchilardan biri. Ushbu texnika chidamliligi bilan mashhur bo‘lib, kompaniyaning ko‘plab yuk mashinalari million kilometrdan oshiq masofani jiddiy nosozliklarsiz bosib o‘tadi.
Kompaniya nafaqat yuk tashish, balki yo‘lovchi tashish sohasida ham keng faoliyat yuritadi. Shahar va shaharlararo avtobuslari qulaylik va xavfsizlik talablariga mos ravishda ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, Scania dvigatellari dengiz transporti va sanoat texnikasi uchun ham keng qo‘llaniladi.
MAN

Traton bo‘linmasining yana bir brendi bo‘lib, ishonchli yuk mashinalari, avtobuslari va dvigatellari bilan tanilgan. Dastlab MAN dizel dvigatellari (va harbiy texnika) ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan, ammo keyinchalik transport sohasiga ixtisoslashgan va xavfsizlik bilan bog‘langan brend sifatida tanilgan. Bugungi kunda ko‘plab yirik Yevropa futbol klublari shaharlar o‘rtasida aynan MAN avtobuslarida harakatlanadi.
Bugatti

Volkswagen Group ushbu fransuz avtomobil brendiga Rimac bilan qo‘shma korxona orqali egalik qiladi. Bugatti bugungi kunda eng tezkor avtomobillardan biri – soatiga 480 km dan ortiq tezlikka erishadigan Chiron Super Sport modelini ishlab chiqaradi.
Lamborghini

Yana bir super va giperkarlari bilan tanilgan brend bo‘lib, u Ferrari bilan raqobatlashadi. Eng mashhur modellari – Huracan va V12 dvigatelli yangi Revuelto.
Avvalroq brend yangi GT3 poyga avtomobilini taqdim qilgani haqida xabar bergandik. Musobaqa uchun mo‘ljallangan ushbu model kompaniyaning Sant’Agata Bolognese zavodida ishlab chiqilgan va tayyorlangan.
Bentley

Ushbu kompaniya 1998-yilda Volkswagen Group tarkibiga qo‘shilgan va nemis brendining portfelidagi birinchi hashamatli avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan.
Bundan oldin Bentley o‘z tarixidagi eng kuchli krossoverni namoyish etgani haqida yozgandik. Unga ko‘ra, brend o‘zining eng tezkor SUV modeli – Bentayga Speed’ni yangilab, W12 dvigatelini zamonaviy V8ga almashtirdi. Ushbu o‘zgarish nafaqat texnik jihatdan, balki brendning kelajakdagi elektrifikatsiya strategiyasiga muvofiq amalga oshirildi.
Porsche

Volkswagen Group Porsche brendiga ham egalik qiladi. Bu guruh ichidagi eng daromadli brendlardan biri hisoblanadi. Uning elektromobili Taycan seriyali elektr avtomobil sifatida Tesla’ga raqobatchi bo‘la olgan ilk model bo‘ldi.
Avvalroq Porsche yangi Cayenne Electric modelining ilk suratlarini namoyish etgandi. Bu model Cayenne oilasining elektromobilga aylangan ilk vakili bo‘ladi va uning rasmiy debyuti 2026-yilga rejalashtirilgan.
Audi

Volkswagen Group tarkibidagi asosiy brendlardan biri bo‘lib, avtomobil innovatsiyalarida peshqadam sifatida tanilgan. To‘liq g‘ildirakli Quattro tizimi, dizel dvigatelli Le-Mans modeli va 2026-yildan boshlab Formula-1 musobaqalarida qatnashish rejalari buning isboti.
Oldinroq Audi A3 avtomobili taqdim etilgandi. Model 2.0 TFSI benzinli dvigatel va quattro to‘liq uzatmalar tizimi bilan jihozlangan. Yangi dvigatel 204 ot kuchi quvvatga ega. Uning aylanish momenti – 320 Nm. Mashina 100 km/soat tezlikka 6,3 soniyada chiqadi. Maksimal tezlik – 245 km/soatni tashkil etadi.
Cupra

2018-yildan boshlab Ispaniyaning Seat brendidan ajralib chiqqan kompaniya. Elegant, elektr va sport avtomobillarini ishlab chiqaradi.
Uning modellari zamonaviy dizayn, yuqori quvvatli dvigatellar va texnologiyalar bilan ajralib turadi. Brendning asosiy yo‘nalishi – dinamik va zamonaviy ko‘rinishga ega avtomobillarni ishlab chiqish, shu bilan birga, brend ekologik toza elektr va gibrid modellarga ham katta e’tibor qaratmoqda.
Hozirgi vaqtda Cupra’ning mashhur modellari qatoriga Cupra Formentor, Cupra Leon va Cupra Born kiradi. Cupra Born – oxirgi yangiliklardan biri bo‘lib, brendning birinchi to‘liq elektr modeli hisoblanadi.
Seat

Ispaniyaning ushbu avtomobil brendi 1990-yilda to‘liq Volkswagen mulkiga aylangan. Seat Yevropada arzon avtomobillar ishlab chiqarish va sotish yo‘nalishiga moslashgan.
SEAT avtomobillari zamonaviy dizayni, qulay texnologiyalari va kundalik foydalanishga mosligi bilan ajralib turadi. Brend asosan ixcham va o‘rta o‘lchamdagi modellarga ixtisoslashgan. Uning eng mashhur modellari qatoriga Ibiza, Leon, Arona va Ateca kiradi. Ushbu avtomobillar shahar ichida va uzoq masofalarga qulay va iqtisodiy tarzda harakatlanish imkonini beradi.
So‘nggi yillarda SEAT elektromobillar va gibrid texnologiyalar yo‘nalishida ham faol ishlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Smart kompaniyasi #5 EHD gibrid modelini taqdim etgani haqida yozgandi.