AQShda tokenlarni tasniflash bo‘yicha aniq standartlar paydo bo‘ladi

AQSh nihoyat blokcheyn texnologiyasini 80 yillik qimmatli qog‘ozlar qonunlariga moslashtirish urinishlaridan chiqmoqda. Project Crypto loyihasi, GENIUS qonuni va Kongressda muhokama qilinayotgan bozor tuzilmasiga oid qonun loyihalari o‘zaro uyg‘unlashib, raqamli aktivlarni nazorat qilishda modulli va ko‘p bosqichli yondashuvni shakllantirmoqda.
Bu tokenlarni tasniflashning aniq standartlari, talablarga mos innovatsiyalar uchun alohida yo‘nalishlar va kriptobozorlarning haqiqiy tuzilmasini aks ettiruvchi litsenziyalash tizimi paydo bo‘lishini anglatadi.
Project Crypto tomonidan taklif etilgan «xavfsiz bandargoh» tamoyillari vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Ular tokenlarga ega loyihalarga darhol majburiy ijro choralaridan qo‘rqmasdan, tartibga soluvchi erkinlikdan foydalanib rivojlanish imkonini beradi (albatta, ma’lumotlarni oshkor qilish va nazorat ko‘rsatkichlariga rioya etish sharti bilan). Bu qadam AQShdagi ishlab chiquvchilarni cheklab kelgan huquqiy xatarlarni sezilarli kamaytiradi va iqtidorlarning chetga chiqib ketishiga sabab bo‘lgan omilni yumshatadi.
Raqamli aktivlarni saqlash qoidalarini, jumladan, steyking va mustaqil saqlashni aniq belgilash asosiy institutsional to‘siqni bartaraf etmoqda. Uzoq vaqt davomida aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalar, kastodianlar va to‘lov tashkilotlari kastodianlik mas’uliyati hamda aktivlarni ajratish qoidalaridagi noaniqlik sababli kriptoinfratuzilma yaratishga jur’at eta olmagan edi. Endilikda bu noaniqlik bevosita hal qilinmoqda.
Litsenziyalashga yagona yondashuv, ya’ni to‘liq siklli platforma modeli (super-app litsenziyasi), kriptoservislar sohasida yuz berayotgan konvergentsiyani hisobga oladi: savdo, to‘lovlar, kreditlash va kastodianlik xizmatlari bitta tizim ostida taqdim etilmoqda. Yagona litsenziyalash tartibi platformalarga talablarni bajarishning aniq yo‘lini ko‘rsatadi va bir vaqtning o‘zida foydalanuvchilar himoyasini kuchaytiradi. Aynan shunday yondashuv orqali innovatsiyalarni nazoratni xavf ostiga qo‘ymasdan joriy etish mumkin.
Agar Project Crypto amalga oshsa, u butun dunyo uchun namuna bo‘lishi mumkin. Turli mamlakatlar AQShni yetakchi sifatida kuzatib kelgan, endi esa ular mas’uliyatli va innovatsiyalar uchun qulay tartibga solishni yaratishga jiddiy yondashuvni ko‘rib turibdi. Binance esa uzoq vaqtdan beri saqlash, ma’lumotlarni oshkor qilish va pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha aniq qoidalar tarafdori bo‘lib kelmoqda.
Project Crypto ushbu ustuvor yo‘nalishlarning ko‘pini tasdiqlaydi. Biz SEC raisi janob Atkins va SEC xodimlariga sohaga hamkorlik qilgani hamda zamonaviy tartibga solish vositalarining zarurligini tan olgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.