Uglerod solig‘i qanday ishlashi mumkin va u O‘zbekiston uchun nega kerak

Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) eksperti
Uglerod solig‘i qanday ishlashi mumkin va u O‘zbekiston uchun nega kerak
Foto: Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining CBAM – transchegaraviy uglerod tartibga solish mexanizmiga qanday moslashish va ayni paytda mahalliy biznes zimmasiga ortiqcha qo‘shimcha yuk tushirmaslik masalasini hal qilishi kerak. Menimcha, buning mumkin bo‘lgan yo‘llaridan biri – mavjud to‘lovlarning bir qismini transformatsiya qilgan holda, ularning ustiga shunchaki yangi soliq joriy etish o‘rniga, mamlakatning o‘z uglerod narxlash tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish.

Mazkur imkoniyatni biz 17-sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda fiskal tadqiqotlar instituti maydonida tashkil etilgan uglerodga narx belgilash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar muloqoti davomida muhokama qildik. Muhokamada biznes, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Expertise France / Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) guruhi, GIZ va BMT Taraqqiyot dasturi vakillari ishtirok etdi.

Asosiy masalalardan biri Yevropaning CBAM mexanizmi o‘zbekistonlik eksportchilarga qanday ta’sir qilishi va O‘zbekiston biznesga tushadigan yukni keskin oshirmagan holda yangi talablarga qanday moslashishi mumkinligi bo‘ldi.

Menimcha, uglerod tartibga solish tizimiga o‘tishni bosqichma-bosqich boshlash mumkin – mavjud to‘lovlar ustiga yangi soliq joriy etish o‘rniga, amaldagi soliq yukining bir qismini uglerod uchun aniq belgilangan narxga aylantirish orqali. Dastlabki bosqich sifatida yoqilg‘i aksizining bir qismini CO₂ chiqindilari hajmidan kelib chiqib hisoblanadigan uglerod solig‘i bilan almashtirishni ko‘rib chiqish mumkin. Bunday yondashuv dastlabki bosqichda umumiy soliq yukini sezilarli darajada oshirmagan holda soliqqa tortish shaklini o‘zgartirish imkonini beradi.

Bu nima uchun kerak

2026-yildan Yevropa Ittifoqida CBAM – transchegaraviy uglerod tartibga solish mexanizmining asosiy bosqichi amal qilmoqda. Sodda qilib aytganda, Yevropa Ittifoqiga ayrim uglerod sig‘imi yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berilganda, ularni ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelgan chiqindilar hajmi hisobga olinadi. Mahsulotning uglerod sig‘imi qancha yuqori bo‘lsa, ehtimoliy moliyaviy yuk ham shuncha katta bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun bu masala, ayniqsa, mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilar uchun dolzarb. Chunki aynan ular bugungi kunda O‘zbekistonning CBAM ta’sir doirasiga tushadigan Yevropa Ittifoqiga eksportining asosiy qismini tashkil etadi.

Bunda mamlakat ichida uglerod narxi umuman mavjud bo‘lmagan holat bilan korxona bu xarajatni O‘zbekistonda amalda to‘lab bo‘lgan holat o‘rtasida muhim farq bor.

Agar milliy uglerod to‘lovi CBAM talablariga mos kelsa, O‘zbekistonda to‘langan summa Yevropa Ittifoqidagi majburiyatlarni hisoblashda inobatga olinishi mumkin. Shunday ekan, masala faqat uglerod yukining miqdorida emas, balki tegishli to‘lov qayerda shakllanishida ham – u to‘liq Yevropa mexanizmi doirasida undiriladimi yoki uning bir qismi O‘zbekistonning o‘zida qoladimi.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar taklif qilinayotgan uglerod solig‘i o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq etilsa, hisoblangan CBAM yukining yiliga qariyb $12 mlnlik qismi O‘zbekiston ichidagi tushumlarga aylanishi mumkin. Bu sezilarli samara, biroq u CBAM bilan bog‘liq muammoni to‘liq hal qilmaydi.

ETS nima

Uglerodni tartibga solishning yana bir mexanizmi – ETS (Emissions Trading System), ya’ni emissiya kvotalari savdosi tizimi. Uglerod solig‘ida chiqindilar hajmi uchun ma’lum narx belgilanadigan bo‘lsa, ETS doirasida korxonalar o‘z majburiyatlarini emissiya kvotalari orqali bajaradi va belgilangan qoidalarga ko‘ra bu kvotalar bilan savdo qilish mumkin.

Uglerod solig‘i ham, ETS ham uglerod uchun aniq narxni shakllantirishi mumkin va tegishli talablarga rioya etilgan taqdirda bu narx CBAM doirasida hisobga olinadi. Shu bilan birga, amaldagi yoqilg‘i aksizlari, ma’muriy yig‘imlar yoki uglerod birliklarini ixtiyoriy ravishda sotib olishning o‘zi bunday natijani bermaydi.

Biroq uglerod narxini belgilash – yechimning faqat bir qismi. Menimcha, korxonalar uchun birinchi qadam o‘z chiqindilarini aniq hisobga olish va bu ma’lumotlarni mustaqil tekshiruvdan o‘tkazish bo‘lishi kerak. Yevropa Ittifoqi tomonidan belgilangan standart ko‘rsatkichlar o‘rniga amaldagi va tasdiqlangan ma’lumotlardan foydalanishning o‘ziyoq CBAM bo‘yicha hisoblanadigan moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

Shunday qilib, O‘zbekistonning CBAM talablariga tayyorgarligi ikki yo‘nalishni birlashtirishni nazarda tutadi: chiqindilarni ishonchli hisobga olish va uglerodga narx belgilash bo‘yicha milliy tizimni bosqichma-bosqich shakllantirish. Bu mahalliy eksportchilarga o‘z mahsulotlarining uglerod izini aniqroq tasdiqlash, CBAM talablarini bajarishda mamlakat ichida to‘langan uglerod narxini hisobga olish hamda Yevropa bozoridagi yangi sharoitlarga moslashish imkonini beradi.

Natijada korxonaning chiqindilar hajmini o‘lchash va kamaytirish qobiliyati nafaqat ekologik ko‘rsatkich, balki O‘zbekiston mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligiga ta’sir qiluvchi omillardan biriga aylanadi.

Mavzu bo'yicha materiallar
Nail Xusainov
Nail Xusainov
Toshkentda bir kvadrat metrning yagona narxi yo‘q
STAI tahliliy platformasi asoschisi — Toshkentda kvadrat metrning o‘rtacha narxi nima uchun turli maydonlarda farq qilishi va sotuv e’lonlari bo‘yicha uy-joy narxini baholashda nimalarni hisobga olish kerakligi haqida