
Angliya Premyer-ligasi rasmiy sahifasi avgust oyi yakunlariga ko‘ra eng yaxshi murabbiy va futbolchi nomini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, «Liverpul» klubi bosh murabbiyi Arne Slot o‘tgan oyning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Mersisaydliklar niderlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida avgustda uchta o‘yin o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozondi.
«Liverpul» 4:2 «Bornmut»
«Nyukasl» 2:3 «Liverpul»
«Liverpul» 1:0 «Arsenal»
Qayd etish joiz, Slot ushbu sovrin uchun kurashda Rejis Le Bris («Sanderlend»), Enso Mareska («Chelsi») va Devid Moyesdan («Everton») ustun keldi.
Shuningdek, «Everton» yarim himoyachisi Jek Grilish APLda avgust oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. 30 yoshli angliyalik futbolchi o‘tgan oyda uchta o‘yin o‘tkazib, to‘rtta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Bundan tashqari, «Liverpul» vingeri Dominik Saboslayning «Arsenal» darvozasiga kiritgan goli Premyer-ligada avgust oyining eng yaxshi goli deb topildi.
Ma’lumot uchun, APLning 4-tur uchrashuvlari 13-sentabrdan start oladi. Kun davomida «Arsenal» – «Nottingem Forest», «Bornmut» – «Brayton», «Kristal Pelas» – «Sanderlend», «Everton» – «Aston Villa», «Fulhem» – «Lids», «Nyukasl» – «Vulverhempton» va «Vest Hem» – «Tottenhem» o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jennifer Lopesning konserti sabab og‘ir ahvolga kelib qolgan «Bunyodkor» stadionida ta’mirlash ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.