
Internetda Oppo Find X9 va Find X9 Pro smartfonlarining tashqi ko‘rinishiga oid tasvirlar tarqaldi. Oppo kompaniyasi bu seriyani 16-oktabr kuni Xitoyda taqdim etadi.
Yangi seriya avvalgi Find X8’dan farqli o‘laroq kvadrat shakldagi kamera blokiga ega bo‘lib, u OnePlus 13T va 13s modellari dizaynini eslatadi. Qurilmalar Matte Titanium, Frost White va Matte Black ranglarida taqdim etiladi.





Find X9 Pro modelida uch kamerali tizim joylashtirilgan bo‘lib, 200 megapikselli Samsung ISOCELL HP5 periskop kamerasi asosiy e’tibor markazida. Shuningdek, 50 megapikselli asosiy kamera (LYT-828) va 50 megapikselli ultra-keng kamera (JN5) mavjud. To‘rtinchi modul rang spektri sensoridan iborat. Kamerada Hasselblad brendi qo‘llangan bo‘lib, yangilangan suratga olish tizimidan darak beradi.
Oddiy Find X9 6,59 dyuymli ekran bilan ta’minlanadi, Pro versiyasi esa 6,78 dyuymli displeyga ega bo‘ladi. Har ikkala model ham MediaTek’ning yangi Dimensity 9500 protsessori va ColorOS 16 tizimida ishlaydi.
Oppo kompaniyasining bosh mahsulot direktori Pit Lau Find X9 seriyasi xalqaro bozorga ham chiqarilishini tasdiqladi. Ammo global taqdimot sanasi hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Oppo Find X9 flagmani haqida ma’lumotlar oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.