
Xitoyda yangi Aion UT Super elektromobili taqdim qilindi. Bu haqda Autohome texnologiya nashri xabar bermoqda.
Model JD.com, GAC Group va CATL hamkorligida ishlab chiqilgan. Avtomobil bir komplektda 89 900 yuan ($12 ming) turadi. Hamkorlar keng subsidiya dasturini ishga tushirgan. 15 mingta birinchi xaridor ikki tomonlama bonus oladi. 31-dekabrgacha buyurtma berilgan mashinalarga chegirma ishlaydi.

8-dekabrgacha ijaraning imtiyozli narxi amal qiladi. Chocolate Battery Swapping Network tizimiga ulanadiganlar yillik xizmat haqi va batareya diagnostikasidan ozod etiladi.
Aion UT Super dizayni oddiy UT modeliga o‘xshaydi. Old panjarasi yopiq, chiroqlari to‘rt nuqtali LED. O‘lchamlari 4270x1850x1575 mm, g‘ildirak bazasi 2750 mm. 16 va 17 dyuymli disklar, yarim yashirilgan eshik tutqichlari va qora ko‘zgular mavjud.
Salon 8,8 dyuymli panel, 14,6 dyuymli mediasistema, ikki spikali rul va Huawei bulut platformasidagi boshqaruv tizimi bilan jihozlangan. Kruiz-kontrol, 360° ko‘rish, yomg‘ir datchigi va bosim nazorati bor.
Model 136 ot kuchiga ega old elektr motor bilan harakatlanadi. CATL batareyasi 500 km zaxira yo‘l beradi (CLTC). Batareyani almashtirish 99 soniya davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 12 ming dollarlik Changan CS75 Plus taqdim etilgani haqida yozgan edi.