
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari savdosining uchinchi bosqichi 11-dekabr kuni boshlanishini e’lon qildi. Hozirgacha musobaqa uchun qariyb 2 mln dona chipta xarid qilingan.
Chiptalarga ariza topshirish 2026-yil 13-yanvargacha ochiq bo‘ladi. Arizani qachon topshirish yutuq imkoniyatiga ta’sir qilmaydi, barcha arizalar teng ko‘rib chiqiladi. Chipta egasi bo‘lgan arizachilar fevral oyida xabardor qilinadi va to‘lov avtomatik ravishda yechib olinadi.

Dastlabki savdo bosqichlarida eng ko‘p chipta mezbon davlatlar AQSh, Kanada va Meksika fuqarolari tomonidan xarid qilingan. Shuningdek, Angliya, Germaniya, Braziliya, Kolumbiya, Ispaniya, Argentina va Fransiya muxlislari ham yuqori faollik ko‘rsatdi.
11-dekabrdan boshlab ishtirokchi a’zo assotsiatsiyalar mezonlariga javob beradigan muxlislar o‘z milliy terma jamoalarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus chiptalarga ariza topshirishlari mumkin. O‘yinlar jadvali 5-dekabrdagi qur’a tashlash marosimidan so‘ng darhol e’lon qilinadi.
FIFA tashkilotchilari muxlislarni viza tartib-qoidalariga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda. Chipta mavjudligi mezbon davlatga kirish huquqini kafolatlamaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh JCh chiptalari egalariga viza suhbatida ustuvorlik berishi haqida xabar bergan edi.