Xitoy avtomobillarining jahon bozoridagi ulushi qanday

2-dekabr 2025 11:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Pexels

2025-yil oktabr oyida Xitoy global avtomobil savdosining 38 foiz ulushini egalladi. Bu haqda CarNewsChina Xitoy Yengil avtomobillar assotsiatsiyasi bosh kotibi Suy Dunsyuga tayanib ma’lum qildi.

Statistikaga ko‘ra, oktabr oyida jahon bo‘yicha avtomobil savdosi 8,64 mln donani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga o‘sish, sentabr oyiga nisbatan esa 1 foizga ko‘proq ko‘rsatkichdir.

Shu umumiy hajmning qariyb 3,3 mln donasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelib, mamlakatning bozor ulushi 38 foizga yetgan. Bu natija bir yil avvalgiga nisbatan yana 1 foiz bandga yuqori.

Yanvardan oktabrgacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘yicha jami 79,25 mln dona avtomobil sotilgan. Bu ko‘rsatkich 6 foiz yillik o‘sishni qayd etdi. Xitoy ushbu hajmning 34,9 foizini egallab, 27,65 mln dona avtomobil sotdi va yil davomida 12 foiz o‘sishni namoyish etdi.

Taqqoslash uchun, shu davrda AQShda 13,88 mln dona, Hindistonda 4,56 mln dona, Yaponiyada 3,86 mln dona, Germaniyada esa 2,61 mln dona avtomobil sotilgan.

Joriy yil yakunlariga ko‘ra, dunyoning eng yirik 10 avtomobil ishlab chiqaruvchisi orasida uchta Xitoy kompaniyasi bozor ulushini sezilarli oshirdi. BYD oltinchi, Geely sakkizinchi, Chery esa o‘ninchi o‘rinni egallagan. Elektrifikatsiya jarayonining jadallashuvi fonida ayrim xalqaro brendlarning bozor ulushi asta-sekin qisqarmoqda. Natijada an’anaviy ishlab chiqaruvchilarning umumiy savdo ulushi pasaymoqda.

Xitoy Avtomobil ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (CAAM) avvalroq bergan ma’lumotga ko‘ra, oktabr oyining o‘zida mamlakatda 3,322 mln dona avtomobil sotilgan. Shundan 1,715 mln donasi yangi energiya transport vositalari (elektromobillar, PHEV va EREV modellari) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga o‘sib, rekord darajaga yetdi. Yangi avtomobillar savdosida elektromobillar ulushi 51,6 foizni tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtotransportlar uchun ekologik stiker berish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

Shuningdek