
Chery o‘zining Tiggo 5 seriyasini yangi benzinda harakatlanuvchi krossover Tiggo 5 Pro modeli bilan to‘ldirdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model yopiq old panjarali noodatiy dizaynga ega.
Tiggo 5 Pro hozirgi Tiggo 5x modellari bilan solishtirilganda uzunroq va kengroq bo‘lib, uning o‘lchamlari 4540×1835×1588 millimetrni tashkil etadi, g‘ildirak bazasi esa o‘zgarmagan (2630 millimetr).



Yangi modelning tashqi ko‘rinishi zamonaviy chiziqlar, ingichka faralar va markazda tor to‘rtburchak panjara bilan ajralib turadi. Eng ajablanarlisi, benzinli bo‘lsa ham, old qismi elektromobillarga xos tarzda yopiq panjarada ishlangan. Yon tomondan qaralganda, tom B ustunidan boshlab pastga egila boshlaydi. Shinalar 215/60R17 o‘lchamda o‘rnatilgan.

Tiggo 5 Pro modeli Chery ishlab chiqargan 1,5T dvigatel bilan harakatlanadi. Uning quvvati 115 kVt (154 ot kuchi)ga teng. Yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga o‘rtacha 7,29 litrni tashkil qiladi, maksimal tezligi esa 180 km/soat.
Avvalroq ishlab chiqarilganiga besh yildan oshmagan eng ishonchli Lexus avtomobillari ro‘yxati e’lon qilingandi. Ro‘yxatning yetakchisi – Lexus RX 350 (2024). J.D. Power baholashida model ishonchlilik bo‘yicha 85/100 ball to‘plagan, xavfsizlik esa iSeeCars reytingida 8,7/10 ga baholangan. 275 ot kuchiga ega 2,4 litrli turbomotor, past sonli servis chaqiriqlari va yuqori bozor talabi uni segmentdagi eng muvaffaqiyatli modellar qatoriga kiritadi.