
O‘zbekistonda ikkilamchi avtomobil bozori xaridor va sotuvchilar uchun tobora raqobatli maydonga aylanmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan e’lon qilingan yangi tahlilga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida bozorda takliflar soni kamaygan bo‘lsa-da, elektromobillarga qiziqish keskin oshgan.
Tahlil 1,4 milliondan ortiq ochiq e’lonlar asosida tayyorlangan bo‘lib, unda ishlab chiqarilganiga besh yildan oshgan hamda noto‘g‘ri ma’lumot kiritilgan avtomobillar hisobga olinmagan.
Takliflar soni bir oyda 18,6 foizga kamaydi
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida tozalangan ma’lumotlar asosida jami 13,5 mingta avtomobil e’loni qayd etilgan. Bu mart oyidagiga nisbatan 18,6 foizga kamdir.
Shunga qaramay, bozordagi umumiy faollik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Apreldagi ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga qaraganda 59,6 foizga ko‘p bo‘lgan.
Elektromobillar ulushi deyarli ikki baravar oshdi
Tahlilda eng katta o‘zgarish elektromobillar segmentida kuzatilgani qayd etilgan. 2024-yil iyun oyida bozordagi jami takliflarning 5,4 foizini elektromobillar tashkil qilgan bo‘lsa, 2026-yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetgan.
Ayni paytda mahalliy avtomobillarning bozordagi ulushi qisqarishda davom etmoqda. Ikki yil avval 53,7 foiz bo‘lgan ulush hozir 47 foizgacha tushgan.
Cobalt narxi o‘zgarmadi, Onix qimmatlashdi
Mahalliy ommabop avtomobillar segmentida narxlar asosan barqaror qolgan. Kam foydalanilgan Cobalt avtomobillarining median narxi $12,9 ming atrofida saqlanib qolgan. Onix modeli esa biroz qimmatlashib, o‘rtacha $14,8 minggacha yetgan.
Shu bilan birga, ayrim Damas, Labo va Nexia modellarida narx pasayishi kuzatilgan.
Xorijiy avtomobillarda vaziyat turlicha
Xorijiy avtomobillar segmentida bir xil tendensiya kuzatilmagan. Kam foydalanilgan ayrim Chery va Kia modellari arzonlashgan bo‘lsa, premium segmentdagi ayrim avtomobillar qimmatlashgan.
Xususan, Carnival va Sorento kabi modellar o‘rtacha hamda ko‘p foydalanilgan holatda narx o‘sishini qayd etgan.
BYD modellari mahalliy avtomobillarga raqobatchi bo‘lib bormoqda
Bugungi kunda BYD Seagull modeli $15,5 – 16 ming, Yuan Up modeli $20 – 21,5 ming, Chazor modeli esa $20,5 – 22 ming oralig‘ida sotilmoqda.
«Avtomobil narxi hamma segmentda bir xil oshmayapti. Pastroq narx segmentida likvidlik yuqori, lyuks va ayrim elektromobil modellarida esa narx tebranishi kuchliroq», – deyiladi tahlilda.
Sotuvchilarga narx belgilashda «bozor ko‘tarilyapti» degan umumiy qarash emas, aynan model, foydalanish darajasi va elektromobillar bilan raqobatni hisobga olish tavsiya qilingan.
Xaridorlarga esa avtomobilni investitsiya vositasi sifatida emas, foydalanish qulayligi va keyinchalik qayta sotish imkoniyati asosida baholash tavsiya qilingan. Qayd etilishicha, kam foydalanilgan ayrim mahalliy avtomobillar hozir salon narxidan ham arzonroq taklif etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan import avtomobillarning savdosi ikki barobarga oshgani haqida yozgandi.