Oʻzbekiston eksport paradoksi

Savdoni yengillashtirish bo‘yicha islohotlar natija berdi, biroq undan kutilgan eksport faolligidagi o‘sish hali yuzaga chiqmagan
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i
O‘zbekiston Xitoyga 10 turdagi quritilgan sabzavotni eksport qiladi
Foto: O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning savdo va bojxona sohasidagi islohotlari savdo infratuzilmasini rivojlantirishda sezilarli natijalar berdi. Biroq islohotlarning ikkinchi bosqichi, ya’ni korxonalarni ushbu imkoniyatlardan amalda samarali foydalanishga jalb qilish hali yetarli darajada amalga oshgani yo‘q. Chegaradagi byurokratik jarayonlar kunlab, ba’zan haftalab davom etadigan mintaqada O‘zbekiston bojxona rasmiylashtiruvi tizimini o‘rtacha ikki kun atrofida ishlaydigan tizimga aylantirdi. Ushbu natija mintaqaviy o‘rtacha darajadan ham, global o‘rtacha natijadan ham yaxshiroq. Masalan, bojxona rasmiylashtiruvi tezligi bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘istondan yaxshiroq natija ko‘rsatmoqda. Eksport jarayonlari bilan bog‘liq xarajatlar ham jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past. Ya’ni, mahsulotlarni chegaradan olib o‘tishning texnik va tashkiliy jihatlari bo‘yicha O‘zbekiston nisbatan samarali tizimlardan biriga ega.

Ammo asosiy savol shundaki, ushbu islohotlar natijasi eksport hajmlarida to‘liq aks etmadi. Jahon bankining 2024-yilgi Enterprise Survey tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi korxonalarning nisbatan kichik qismigina sezilarli miqyosda eksport faoliyatini amalga oshiradi. Bu ko‘rsatkich hatto daromadi o‘rtacha past bo‘lgan davlatlar bo‘yicha global o‘rtacha darajadan ham past. Demak, savdoni yengillashtirish bo‘yicha islohotlar natija berdi, biroq undan kutilgan eksport faolligidagi o‘sish hali yuzaga chiqmagan. Bu holat savdo islohotlari va eksport natijalari o‘rtasida tafovut mavjudligini ko‘rsatadi.

Savdoni yengillashtirishning o‘zi yetarli emas

2000–2010-yillarda xalqaro iqtisodiy rivojlanish siyosatida savdoni yengillashtirish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lgan. Bunda bojxona kechikishlarini kamaytirish, hujjatlarni yagona standartga keltirish va chegara jarayonlarini raqamlashtirish asosiy yo‘nalish bo‘ldi. Ushbu yondashuv quyidagi taxminga asoslangan edi: agar chegaradan o‘tish xarajatlari va vaqt qisqarsa, eksport qiluvchi korxonalar soni ortadi. O‘zbekiston ham bu yondashuvni qabul qildi va amalda joriy etdi. Bugungi bojxona rasmiylashtiruvi ko‘rsatkichlari buning yaqqol isboti. Biroq so‘nggi yillarda to‘plangan dalillar, jumladan O‘zbekiston ma’lumotlarida ham kuzatilayotgan holat, shuni ko‘rsatmoqdaki, logistika samaradorligi eksport o‘sishi uchun zarur shart bo‘lsa-da, uning o‘zi yetarli emas.

Bojxona rasmiylashtiruvi tezligi va eksport faolligi

O‘zbekiston bojxona rasmiylashtiruvi tezligi bo‘yicha taqqoslanayotgan davlatlarning aksariyatidan yaxshiroq natija ko‘rsatadi. Biroq ushbu logistika samaradorligi eksport faolligiga to‘liq aylangani yo‘q. Logistika samaradorligi bilan eksport faolligi o‘rtasidagi ushbu tafovut bugungi O‘zbekiston savdo tizimining muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Quyidagi grafik ushbu tafovutni yaqqol ko‘rsatadi.

1-rasm: Raqamlardagi paradoks

Logistika sohasidagi islohotlar eksport uchun zarur infratuzilmani yaratishi mumkin, biroq ular korxonalarga xorijiy xaridorlarga chiqish imkonini yaratmaydi. Ular qaysi mahsulot qaysi davlat standartlariga mos kelishiga oid bozor ma’lumotlarini ham taqdim etmaydi. Shuningdek, eksport buyurtmasini to‘lov amalga oshirilishidan oldin ishlab chiqarish imkonini beradigan aylanma mablag‘ yetishmovchiligi muammosini ham hal qilmaydi. Yangi bozorga kirishda zarur bo‘ladigan agentlar, distribyutorlar va sifat sertifikatlash tarmoqlarini ham shakllantirmaydi. Aynan mana shu omillar bugungi O‘zbekiston eksport islohotlari tizimidagi asosiy yetishmayotgan elementlar hisoblanadi.

Alohida e’tibor talab qiladigan ikki ko‘rsatkich

So‘rov natijalaridagi ikkita ko‘rsatkich muhim xulosalarni beradi. Birinchisi, sezilarli xorijiy investitsiyaga ega korxonalar eksport faoliyatida mahalliy korxonalarga nisbatan qariyb besh barobar faolroq. Holbuki, ikkala guruh ham bir xil bojxona tartiblari va normativ muhitda ishlaydi. Bu esa shuni anglatadiki, islohotlar eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlari allaqachon nisbatan yuqori bo‘lgan korxonalar, ya’ni transmilliy kompaniyalar va qo‘shma korxonalar uchun samaraliroq ishlagan. Aslida esa yuqori o‘sish salohiyatiga ega mahalliy xususiy sektor bu jarayonlardan deyarli chetda qolgan.

Ikkinchi muhim jihat shuki, eksport qilgan korxonalar savdo bilan bog‘liq muammolarni eksport qilmaydigan korxonalarga qaraganda nisbatan kamroq muammo sifatida baholaydi. Agar tizim murakkab bo‘lganida, buning aksi kuzatilishi kerak edi. Bu esa muammo jarayonning o‘zida emas, balki uni qanday boshqarish va undan foydalanish salohiyatida ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston shunday bosqichga keldiki, eksportdagi kamchiliklarning muhim qismini endilikda yangi tartib-qoidalar emas, balki axborot, konsultatsiya va bilim orqali bartaraf etish mumkin. Chunki eng samarali yechimlar ayni paytda nisbatan kam xarajat talab qiladigan choralar bo‘lishi mumkin.

Eksport o‘sishi uchun institutsional asoslar

O‘zbekistonning yangilangan «Strategiya 2030» dasturida aniq iqtisodiy maqsadlar belgilangan: YaIM hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, eksport hajmini 67 milliard dollarga yetkazish va eksport qiluvchi korxonalar sonini 15 mingtaga olib chiqish. Biroq bu kabi yirik maqsadlarga faqat maqsadlarni belgilash orqali emas, balki puxta tizim va aniq mexanizmlar orqali erishiladi.

Endi asosiy savol — savdo islohotlarining keyingi bosqichi qanday bo‘lishi kerak? Ma’lumotlar muhim yo‘nalishni ko‘rsatmoqda. Eksportni rag‘batlantirish tizimi passiv axborot taqdim etish formatidan chiqib, faol xaridor topish mexanizmiga aylanishi kerak. Diplomatik vakolatxonalar tijorat va bozor tahlili markazlari sifatida ishlashi, savdo attashelari esa ma’lum tarmoqlar bo‘yicha ixtisoslashgan ekspertizaga ega bo‘lishi zarur. Shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlari uchun ustuvor eksport bozorlarida imtiyozli kirish imkoniyatlarini yaratadigan ikki tomonlama savdo kelishuvlari kengaytirilishi kerak. Eksportni rag‘batlantirish agentligi ham amalga oshirilgan logistika islohotlari ko‘lamiga mos vakolat, moliyaviy resurs va javobgarlik tizimiga ega bo‘lishi lozim.

Savdoni moliyalashtirish masalasi ham markaziy ahamiyatga ega. Kichik va o‘rta biznesning eksport buyurtmalarini qabul qila olmasligiga sabab bo‘layotgan aylanma mablag‘ yetishmovchiligi bozor mexanizmlari orqali avtomatik hal bo‘ladigan muammo emas. Bu davlat siyosati vositalarini talab qiladi. Jumladan, eksport kredit kafolatlari va davlat taraqqiyot banklari orqali eksportoldi moliyalashtirish instrumentlari zarur. Shuningdek, xalqaro shartnomalarda valyuta kursi xatarlaridan himoya qilish vositalarini rivojlantirish ham muhim. O‘zbekiston bilan o‘xshash rivojlanish bosqichidagi Vetnam, Marokash va Gruziya kabi davlatlar shu turdagi mexanizmlarni joriy etib, eksportni diversifikatsiya qilishda sezilarli natijalarga erishgan.

Foydalanilmayotgan xizmatlar eksporti salohiyati

Islohotlar kun tartibidagi yana bir muhim yo‘nalish —  xizmatlar eksportidir. Bu masalaga yetarli darajada e’tibor qaratilgani yo‘q. So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston xizmatlar sektorining xizmatlar eksportidagi ishtiroki juda past. Bu esa foydalanilmayotgan iqtisodiy salohiyatni anglatadi. Ayniqsa mamlakatda IT sohasi rivojlanib borayotgani, universitetlar salohiyati oshayotgani hamda turizm va madaniy resurslar mavjudligini hisobga olsak, xizmatlar eksporti iqtisodiyotning muhim o‘sish nuqtasiga aylanishi mumkin.

Xizmatlar savdosi tovarlar eksportidan butunlay boshqacha siyosatga oid va institutsional yondashuvni talab qiladi. Bu jarayon bojxona rasmiylashtiruvi tezligiga bog‘liq emas. Aksincha, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan va bilimga asoslangan eksport yo‘nalishlari O‘zbekistonning yuqori o‘rta daromadli davlatlar qatoriga tezroq qo‘shilishiga xizmat qilishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy modernizatsiyani davlat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylantirdi. Shu paytgacha savdo infratuzilmasini yaratish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Endi esa undan ham murakkabroq bosqich boshlanmoqda: institutlarni mustahkamlash, korxonalar va bozorlarni rivojlantirish, eksport bo‘yicha bilim va tajribani kengaytirish hamda kuchli eksport madaniyatini shakllantirish. Zarur infratuzilma shakllantirildi, endi asosiy vazifa undan samarali foydalanadigan eksport ekotizimini rivojlantirishdan iborat.

Mavzu bo'yicha materiallar