
Chevrolet Braziliyada yangilangan Chevrolet Onix Plus 2027 modelini taqdim etdi. Sedan yangi Eco versiyasiga ega bo‘ldi, ayrim komplektatsiyalar yangilandi, narxlar esa $20,5 mingdan boshlanadi.
Onix Plus uchun olti xil versiya
2027-yilgi Chevrolet Onix Plus oltita komplektatsiyada taklif etiladi:
| Versiya | Braziliyadagi narxi ($) |
|---|---|
| Turbo AT ECO | 20,5 ming |
| 1.0 MT | 21,7 ming |
| Turbo MT | 21,5 ming |
| Turbo AT | 22,5 ming |
| LTZ | 23,7 ming |
| Premier | 24,7 ming |
Yangi Eco versiyasi paydo bo‘ldi
Onix Plus oilasining asosiy yangiligi Turbo AT ECO versiyasi bo‘ldi. U 1,0 litrli turbomotor bilan jihozlangan. Dvigatel faqat etanol yonilg‘isida ishlaydi. Model Braziliyadagi ekologik transport dasturiga moslashtirilgan.
Shuningdek, avtomobil 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisiga ega.
Asosiy jihozlar

Boshlang‘ich 1.0 MT versiyasida ham zamonaviy uskunalar mavjud:
- oltita xavfsizlik yostiqchasi;
- konditsioner;
- orqa ko‘rish kamerasi;
- kruiz nazorati;
- elektr rul boshqaruvi;
- tugma orqali dvigatelni ishga tushirish;
- 8 dyuymli MyLink multimedia tizimi;
- balandlik va chuqurlik bo‘yicha sozlanadigan rul.
LTZ va Premier nimasi bilan farq qiladi
LTZ versiyasi qo‘shimcha ravishda LED faralar, LED orqa chiroqlar, 16 dyuymli qotishma disklar, orqa parktronik va 8 dyuymli raqamli panelga ega.
Eng yuqori Premier komplektatsiyasida esa:
- ko‘r nuqtani nazorat qilish tizimi;
- LED tumanga qarshi chiroqlar;
- old va yon parktroniklar;
- shinalar bosimini nazorat qilish tizimi;
- simsiz quvvatlash moslamasi mavjud.
Onix Braziliyada mashhur bo‘lib qolmoqda
Chevrolet Onix Braziliyada eng ko‘p sotiladigan avtomobillardan biri bo‘lib qolmoqda. May oyida modelning xetchbek versiyasi 7,7 ming dona sotilgan va mamlakatdagi eng ommabop avtomobillar reytingida oltinchi o‘rinni egallagan.
Onix Plus sedani esa 3,8 ming dona natija bilan kuchli 25 talikdan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Chevrolet Onix Activ 2027 avtomobili haqida ma’lumot berilgandi. GM South America mahsulot marketingi direktori Paula Saianiga ko‘ra, yangi Onix Activ model qatoridagi muhim evolyutsiyani anglatadi. Uning aytishicha, avtomobil endi faqat SUV uslubidagi tashqi ko‘rinishga ega emas. U balandlik, to‘siqlardan o‘tish va boshqaruv tajribasi bo‘yicha ham real texnik imkoniyatlarga ega.