JCh – 2026: O‘zbekistonning ilk o‘yini mag‘lubiyat bilan yakunlandi, Kolumbiya g‘alaba qozondi

18-iyun 2026 09:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
O‘zbekistonning ilk o‘yini mag‘lubiyat bilan yakunlandi: Kolumbiya g‘alaba qozondi
Foto: O‘FA

Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvida «Oq bo‘rilar» 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Kolumbiya 41-daqiqada hisobni ochdi. Luis Diasning uzatmasidan so‘ng Daniel Munos jarima maydonchasiga yorib kirib, O‘tkir Yusupov darvozasini ishg‘ol qildi.

O‘zbekiston ikkinchi bo‘limda faollikni oshirdi. 46-daqiqada Sherzod Nasrullayev o‘rniga Farruh Sayfiyev, Oston O‘runov o‘rniga Dostonbek Hamdamov maydonga tushirildi. 52-daqiqada Sayfiyev chap qanotdan xavfli uzatma amalga oshirdi, biroq Kolumbiya himoyachilari vaziyatni bartaraf etdi.

Foto: O‘FA

60-daqiqada O‘zbekiston hisobni tenglashtirdi. Hamdamov chap qanotdan hujum boshladi, Shomurodovning zarbasidan keyin darvozabondan qaytgan to‘pni Abbosbek Fayzullayev bosh bilan darvozaga yo‘lladi – 1:1.

Biroq 65-daqiqada Kolumbiya yana oldinga chiqib oldi. Markazda yo‘qotilgan to‘pdan keyin Luis Dias tezkor hujumni yakunlab, kuchli zarba bilan hisobni 1:2 ko‘rinishiga keltirdi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvda xavfli vaziyatlar ham ko‘p bo‘ldi. 17-daqiqada Jon Ariasning zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. 32-daqiqada Luis Dias chap qanotdan kirib borib, kuchli zarba berdi, ammo to‘p ustunga tegdi. 30-daqiqada Eldor Shomurodov tezkor hujumda himoyachini aldab o‘tib, xavfli vaziyat yaratdi. 38-daqiqada Shomurodov yana qarshi hujumga chiqayotganida Jon Lukumi uni qo‘pollik bilan to‘xtatdi, biroq hakam kartochka ko‘rsatmadi.

Foto: O‘FA

Ogohlantirishlar bo‘yicha 7-daqiqada Kolumbiya futbolchisi Xoan Moxika, 34-daqiqada esa O‘zbekiston himoyachisi Abduqodir Husanov sariq kartochka oldi.

Uchrashuvning final qismida kolumbiyaliklar tezkor hujumdan unumli foydalanib, uchinchi golni kiritdi. Jaminton Kampasning goli Kolumbiya ustunligini mustahkamladi va jamoaning g‘alabasini kafolatladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Gana so‘nggi soniyalarda gol kiritib Panamani mag‘lub etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek