
AQShning Dallas shahrida Jahon chempionati 1/16 final bosqichi doirasida Avstraliya va Misr terma jamoalari kuch sinashdi. Keskin kechgan bahsning asosiy va qo‘shimcha vaqtlari 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq hujumkor o‘yin namoyish etgan misrliklar tezkor gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘yinning 13-daqiqasida Karim Xafezning aniq uzatmasidan so‘ng Imom Ashur raqib darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 0:1.

Ushbu goldan so‘ng avstraliyaliklar muvozanatni tiklash uchun oldinga intilishdi. Ikkinchi bo‘limda ham o‘zaro hujumlar davom etdi va o‘yinning 55-daqiqasida Avstraliya terma jamoasi hisobni tenglashtirishga erishdi. Muhammad Xani o‘z hisobiga avtogol yozdirib qo‘ydi va tabloda 1:1 hisobi porladi.

Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob boshqa o‘zgarmadi va o‘yin ekstra taymlarga ko‘chdi. Jamoalarning hujumlariga qaramay darvozalar daxlsizligi qo‘shimcha taymlarda ham saqlanib qoldi. Penaltilar seriyasida esa Misrning qo‘li baland keldi.
Ma’lumot uchun, turnir jadvaliga ko‘ra, Misr va Avstraliya terma jamoalari juftligi g‘olibi nimchorak finalda Argentina va Kabo-Verde o‘yini g‘olibi bilan to‘qnash keladi.
Avvalroq Kursiv nashri Portugaliya terma jamoasi nimchorak finalga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.