
Samsung Galaxy M56 va Galaxy M35 smartfonlari uchun One UI 9.0 yangilanishi ustida ish boshladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung serverlarida ushbu ikki Galaxy M seriyasi qurilmasi uchun Android 17 asosidagi One UI 9.0 firmware fayllari paydo bo‘lgan.
Bu Janubiy Koreya kompaniyasi yangi interfeysini Galaxy M56 va Galaxy M35 modellari uchun ham tayyorlayotganini anglatadi. One UI 9.0 ilk bor may oyida Galaxy S26 uchun beta-versiya sifatida taqdim etilgan edi. Yangilanish katta vizual o‘zgarishlar olib kelmasligi aytilmoqda, biroq unda interfeysni moslashtirish imkoniyatlari kengayadi va bir qator yangi funksiyalar paydo bo‘ladi.
One UI 9.0’da Quick Panel yanada sozlanadigan bo‘ladi. Shuningdek, Game Booster, Samsung DeX va Samsung Notes ilovalari yaxshilanadi. Maxsus imkoniyatlar bo‘limida ham yangi sozlamalar va qulayliklar qo‘shilishi kutilmoqda.
Samsung yangi interfeysning barqaror versiyasini ilk bor Galaxy Z Fold 8 Ultra, Galaxy Z Fold 8 va Galaxy Z Flip 8 buklamali flagmanlari bilan namoyish qilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng One UI 9.0 bosqichma-bosqich eskiroq qurilmalarga tarqatiladi.
Avvalroq «Kursiv» Galaxy S27 Pro flagmani Galaxy S26 Ultra kabi batareya olishi mumkinligi haqida yozgan edi.