
Redmi kompaniyasi yaqinda taqdim etiladigan Redmi Note 17 Pro 10 000 mA/soat batareya oladi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Rasmiy tasvirlarga ko‘ra, Redmi Note 17 modellari tekis yon qirralar va orqa panelning yuqori chap burchagiga joylashtirilgan to‘rtburchak kamera blokiga ega bo‘ladi. Kompaniya yangi turkumni yuqori narx segmentiga o‘tmasdan ko‘proq imkoniyatlarni taklif qilish tamoyili asosida ishlab chiqqanini bildirdi.

Shu bilan birga, Redmi xotira va boshqa komponentlar narxi oshgani sabab avvalgi narx va xususiyatlar nisbatini saqlab qolish qiyinlashganini qayd etdi. Bu yangi smartfonlar oldingi avlodga nisbatan qimmatroq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Hozircha qurilmalarning rasmiy texnik xususiyatlari to‘liq ochiqlanmagan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, turkum Redmi Note 17 va Redmi Note 17 Pro modellaridan iborat bo‘ladi, Pro+ versiyasi esa chiqarilmaydi.

Redmi Note 17 Snapdragon 6 Gen 5 protsessori, 1,5K aniqlikdagi OLED ekran, qariyb 9 000 mA/soatli batareya va 50 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlanishi kutilmoqda. Shuningdek, smartfonda stereo karnaylar hamda suv va changdan himoya bo‘lishi mumkin.
Redmi Note 17 Pro esa MediaTek Dimensity 7500 protsessori, 10 000 mA/soatli akkumulyator, 1,5K OLED ekran va 200 megapikselli kamera olishi aytilmoqda. Qurilmada mustahkamlangan korpus va tashqi ta’sirlardan yaxshilangan himoya ham bo‘lishi kutilmoqda.

Brend haqida
Redmi — Xiaomi kompaniyasiga tegishli smartfon va elektronika brendi. U 2013-yilda Xiaomi’ning hamyonbop qurilmalar yo‘nalishi sifatida faoliyat boshlagan. Dastlab Redmi nomi arzon narxdagi, ammo kundalik foydalanish uchun yetarli imkoniyatlarga ega smartfonlarda qo‘llanilgan. 2019-yilda esa Redmi Xiaomi tarkibidagi alohida brend sifatida ajratildi.
Kompaniyaning asosiy yo‘nalishi narx va texnik imkoniyatlar o‘rtasida qulay nisbatni taklif qiladigan qurilmalarni ishlab chiqarishdan iborat. Redmi smartfonlari boshlang‘ich, o‘rta va ayrim yuqori segmentlarda sotiladi. Brend Note turkumi orqali katta ekran, sig‘imli batareya va kuchli kameralarni nisbatan arzon narxda taqdim etishi bilan mashhur. Redmi smartfonlardan tashqari planshet, noutbuk, televizor, aqlli soat, quloqchin va boshqa elektron qurilmalarni ham ishlab chiqaradi.
Avvalroq «Kursiv» Redmi Turbo 5 smartfoni ko‘p sotilgani haqida yozgan edi.