
O‘zbekistonda yangi yoki ikkilamchi bozordan avtomobilni sotib olgan shaxs transport vositasini o‘z nomiga rasmiylashtirib, davlat raqami olishi kerak. Yangi egaga buning uchun xarid qilingan kundan boshlab o‘n kalendar kun beriladi, deya xabar berdi Autostrada.
2026-yilda avtomobilni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari transport vositasining turi va uning yangi yoki foydalanilgan ekaniga qarab farqlanadi. Hisob-kitoblarda bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m etib olingan.

Foto: Autostrada
Avtosalondan benzinli yangi avtomobil sotib olinganda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 2 mln 818 ming 80 so‘m to‘lanadi. Texnik pasport berish 288,4 ming so‘m, yangi davlat raqami olish 2 mln 266 ming so‘m, hujjatlarni yig‘ish esa 41,2 ming so‘m turadi. Natijada benzinli avtomobilni YHXXda to‘liq rasmiylashtirish xarajati 5 mln 413 ming 680 so‘mni tashkil etadi.
Elektromobillar uchun qanday
Elektromobil yoki gibrid avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im 618 ming so‘m etib belgilangan. Texnik pasport, davlat raqami va hujjatlar bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qo‘shganda, bunday transport vositasini rasmiylashtirish jami 3 mln 213 ming 600 so‘mga tushadi.
Ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobil uchun YHXX xarajatlaridan tashqari notarial rasmiylashtirish to‘lovlari ham mavjud. Foydalanilgan benzinli avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish, yangi texnik pasport va davlat raqami olish uchun jami 5 mln 413 ming 680 so‘m sarflanadi.

Yana qanday to‘lovlar bor
Oldi-sotdi shartnomasini notariusda tasdiqlash uchun uch BHM, ya’ni 1 mln 236 ming so‘m davlat boji undiriladi. Bundan tashqari, 41,2 ming so‘mlik gerb yig‘imi, taqiq mavjudligini tekshirish uchun 61,8 ming so‘m, maslahat uchun 20,6 ming so‘m va shartnoma loyihasini tayyorlash uchun 41,2 ming so‘m to‘lanadi. Notariusdagi umumiy xarajat 1 mln 400 ming 800 so‘mni tashkil qiladi.
Shunday qilib, ikkilamchi bozordan benzinli avtomobil sotib olib, uni notarius va YHXX orqali to‘liq rasmiylashtirish uchun jami 6 mln 814 ming 480 so‘m kerak bo‘ladi. To‘lov kvitansiyalarini elektron xizmatlar orqali amalga oshirish imkoni bo‘lmasa, YHXX kassasida to‘lovlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha komissiya undirilishi mumkin.

Hadya qilinsa-chi?
2022-yildan boshlab avtomobil oldi-sotdi, ayirboshlash yoki hadya shartnomasini notarial tasdiqlash boji transport vositasining yoshi va dvigatel quvvatidan qat’i nazar, uch BHM etib belgilangan.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtomobil sotish, ayirboshlash yoki hadya qilishda davlat boji belgilangan stavkaning 5 foizi miqdorida undiriladi. Bank krediti hisobiga xarid qilingan avtomobillar bo‘yicha esa boj stavkaning 10 foizini tashkil etadi.
Ishonchnoma-chi?
Avtomobilni boshqarish yoki tasarruf etish huquqini beruvchi ishonchnoma narxi ham kimga berilishiga bog‘liq. Yaqin qarindoshlarga beriladigan ishonchnoma uchun 0,5 BHM miqdorida boj undiriladi. Boshqa shaxslarga avtomobildan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini beruvchi ishonchnoma qimmatroq bo‘ladi. Bunda davlat bojidan tashqari gerb yig‘imi, taqiqni tekshirish, maslahat va hujjat loyihasini tayyorlash xizmatlari uchun ham haq olinadi.
Rasmiylashtirish uchun hisoblangan summa kutilganidan sezilarli darajada yuqori chiqsa, fuqarolar Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, to‘lovlar bo‘yicha tushuntirish olishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Spark elektromobili rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.