Sindorov va Abdusattorov FIDE mukofotiga da’vogarlik qilmoqda

17-iyul 2026 08:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Sindorov va Abdusattorov FIDE mukofotiga da’vogarlik qilmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi shaxmatchisi unvoniga nomzodlar qatoriga kiritildi. Ular ushbu mukofot uchun jahonning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen bilan raqobatlashadi.

Eng yaxshi shaxmatchi nominatsiyasiga, shuningdek, Fabiano Karuana, Arjun Erigaisi, Alireza Firuzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vinsent Keymer va Praggnanandha Rameshbabu ham da’vogarlik qilmoqda. G‘olib FIDE tomonidan tuzilgan maxsus komissiya qarori asosida aniqlanadi.

Javohir Sindorov yana bir yo‘nalish — «Yil kashfiyoti» mukofotiga ham nomzod bo‘ldi. Ushbu nominatsiyada u Gukesh Dommaraju, Vinsent Keymer, Volodar Murzin, Divya Deshmux, Faustino Oro, Yagiz Kaan Erdog‘mush, Anastasiya Gnatishin, Endi Vudvord va Chju Szyiner bilan bellashadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yilning eng yaxshi shaxmat jamoasi unvoniga da’vogarlar ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi esa «Eng yaxshi federatsiya» nominatsiyasida g‘oliblik uchun kurashadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan UzChess Cup musobaqasi dunyoning eng yaxshi davra turniri nominatsiyasiga tavsiya qilindi. Mazkur yo‘nalishda UzChess Cup Norway Chess, Tata Steel Chess Tournament va Sinquefield Cup kabi nufuzli xalqaro turnirlar bilan raqobatlashadi.

FIDE Excellence Awards mukofoti 2026-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, uni har ikki yilda bir marta topshirish rejalashtirilgan. Mukofot jami 11 ta nominatsiyani qamrab oladi. Bu yilgi nomzodlarni saralashda 2024-yil sentabridan 2026-yil avgustigacha qayd etilgan natijalar hisobga olingan.

G‘oliblar qachon e’lon qilinadi

Mukofot g‘oliblari 2026-yil sentabrida Samarqand shahrida e’lon qilinadi. Taqdirlash marosimi shu yerda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda tashkil etiladi.

FIDEning iyun oyidagi reytingida Javohir Sindorov to‘rtinchi, Nodirbek Abdusattorov esa beshinchi o‘rinni egallagan edi. Har ikki o‘zbekistonlik grossmeysterning reytingi 2 777 ochkoni tashkil qilgan. Magnus Karlsen esa 2 841 ochko bilan reyting peshqadami bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston terma jamoasi iyun oyida o‘tkazilgan FIDE blits bo‘yicha jamoaviy jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar uchinchi o‘rin uchun bahsda Hexamind Chess Team jamoasini mag‘lub etib, bronza medali hamda 30 ming yevro mukofot pulini qo‘lga kiritdi.

Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindorov va Bibisora Assaubayeva bir-biriga atalgan futbolka kiygani haqida yozgan edi.

Shuningdek