
Samarqandning «Dinamo» klubi va Qozon shahrining «Rubin» jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.
Abramovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya klubi futbolchining transferi yuzasidan Samarqand jamoasiga rasmiy murojaat yo‘llagan. «Dinamo» ushbu xatga javob qaytargan va tomonlar o‘tish shartlarini kelishib olgan.
«Ikki klub transfer bo‘yicha kelishuvga erishdi. Endi hammasi O‘rozovning o‘ziga bog‘liq. Jahongir yaqin vaqt ichida «Rubin» bilan shartnoma imzolashi mumkin», – dedi Abramov.
Shu tariqa transferning yakunlanishi uchun futbolchi va Qozon klubi o‘rtasida shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishilishi hamda shartnoma imzolanishi qolgan.
Jahongir O‘rozov markaziy himoyachi sifatida to‘p tepadi. U Samarqandning «Dinamo» klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi o‘yinlari bilan e’tibor qozongan. Transfer amalga oshsa, O‘rozov faoliyatini Rossiya Premyer-ligasida davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jahongir O‘rozov uchun talabgorlar ko‘paygani haqida yozgan edi.